Toshkent davlat yuridik universiteti va Hindistonning Milliy sud ekspertizasi universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan marosimda TDYU va Hindistonning Milliy sud ekspertizasi universiteti rahbariyati hamda ikki oliy ta’lim muassasalarining ma’sul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida rektorlar o‘z universitetlari faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy salohiyati hamda hamkorlik memorandumining mazmun-mohiyati, maqsadi, vazifalari va kelgusidagi rejalar xususida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, memorandum ikki universitet mutaxassislari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlash, har ikki mamlakatda yuridik ta’lim va fanni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, memorandumda faol akademik mobillik dasturlari, TDYU professor-o‘qituvchilarining sud ekspertizasi yo‘nalishida stajirovka va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalar ustida ish olib borish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida TDYUda Milliy sud ekspertizasi universiteti ko‘makida sud ekspertizasi laboratoriyasini barpo etishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, Hindistonning Milliy sud ekspertizasi universiteti milliy institut maqomiga ega bo‘lgan sud ekspertizasi, kriminologiya, kiberxavfsizlik, raqamli sud ekspertizasi va boshqa ekspertiza fanlarga bag‘ishlangan dunyodagi birinchi va yagona universitet hisoblanadi. Universitet 2008-yilda Gujarat qonunchilik assambleyasining 17-qarori bilan Gujarat sud ekspertizasi universiteti sifatida tashkil etilgan. 2020-yilda Hindiston Respublikasi hukumatining qarori bilan milliy ahamiyatga ega bo‘lgan universitet maqomi berilgan.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar aloqalar bo‘limi