TDYU Tahririy-nashriyot boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq faoliyat yuritib kelmoqda.
Boʻlim universitet tarkibiy boʻlinmasi hisoblanib, professor-oʻqituvchi va boshqa xodimlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrlar, talabalar va boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan, ilmiy, ilmiy-uslubiy, ilmiy-ommabop, oʻquv, oʻquv-uslubiy va boshqa materiallarni hamda universitet davriy nashrlarini nashrga tayyorlash va chop etish ishlarini bajaradi.
Tahririy-nashriyot boʻlimi tashkiliy tuzilmasi tahririyat, Davriy nashrlar sektori hamda Tipografiya sektorlaridan iborat.
Davriy nashrlar sektorida Toshkent davlat yuridik universiteti muassisligidagi “Yuridik fanlar axborotnomasi – Вестник юридических наук – Review of Law Sciences”, “Yurisprudensiya”, “Kriminologiya va jinoiy odil sudlov”, “Oʻzbekiston qonunchiligi tahlili” hamda “TSUL Legal Report” ilmiy jurnallari nashrga tayyorlanadi. Mazkur jurnallarga maqolalarni qabul qilish
www.e-researcher.uz yagona platformasi orqali amalga oshiriladi. Bunda muallif maqolani platforma orqali yuboradi. Kelib tushgan maqolalar har bir jurnalning elektron pochtalari orqali koʻrib chiqiladi. Bunda maqolaning jurnal talablariga mosligi, plagiat darajasi hamda ekspertiza natijalariga koʻra mualliflarga javob xatlari yuboriladi.
Tipografiya sektori tahririyat tomonidan tayyorlangan oʻquv va ilmiy adabiyotlar hamda davriy nashrlarni chop etish ishlarini amalga oshiradi.
Soʻnggi 3 yilda Toshkent davlat yuridik universiteti Tahririy-nashriyot boʻlimida 300 dan ortiq nomdagi darslik va oʻquv qoʻllanma, 50 dan ortiq nomdagi monografiya hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlar chop etilgan.
Hozirgi vaqtda Tahririy-nashriyot boʻlimida quyidagi nashriyot xizmatlarini shartnoma asosida amalga oshirish joriy qilingan:
1. Tahrirlash va musahhihlik xizmati
Tahririyatning yuqori malakali muharrirlari va musahhihlari oʻzbek, rus va ingliz tilidagi matnlarni tahrir qilish xizmatlarini taqdim etadi. Bunda oʻquv va ilmiy adabiyotlar, dissertatsiya va avtoreferatlar belgilangan talablar asosida tahrirdan oʻtkazib beriladi.
2. Sahifalash xizmati
Oʻquv va ilmiy manbalarning original maketini chop etishga tayyorlashda hamda tadqiqotchilarning dissertatsiya va avtoreferatlarini Oliy attestatsiya komissiyasi talablari asosida sahifalab berishda tahririyatning texnik muharrirlari xizmat koʻrsatadi.
3. Muqova yaratish va dizayn xizmatlari
Oʻquv va ilmiy kitoblarning muqovasi dizaynini yaratish, turli tadbirlar va koʻrgazmalar uchun materiallar dizaynini ishlab chiqishda tahririyatning dizaynerlari xizmatidan foydalanish mumkin.
4. Chop etish xizmatlari
Tegishli tartibda nashrga tayyorlangan oʻquv va ilmiy adabiyotlarning original maketini hamda A3, A4, A5 va boshqa kichik formatdagi turli koʻrgazmali materiallarni rangli va oq-qora formatda chop etib berish xizmatlari ko‘rsatiladi.
Tahririy-nashriyot boʻlimi bilan bogʻlanish:
Telegram: https://t.me/tdyutnb
Elektron pochta: lawjournal@tsul.uz
Telefon raqami: 233-66-36, 1169 (ichki raqam)
Manzil:
Toshkent shahri, Sayilgoh koʻchasi, 35-uy