English
Oʼzbekcha Русский
Network error!

Ikki diplomli dastur nima

Qo‘shma ta’lim (ikki diplomli) dasturi — O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq kadrlar tayyorlashni va bitiruvchilariga oliy ma’lumot olganligi to‘g‘risidagi barcha xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari joylashgan davlatlarda tan olinadigan kvalifikatsiya (diplom) berilishini nazarda tutuvchi ta’lim dasturi.

Qoʻshma ta’lim dasturlari boʻyicha ta’lim olish afzalliklar:

– TDYU va xorijiy hamkor OTMlardan birida bir vaqtning oʻzida ta’lim olish;

– Oʻzbekiston va chet elda nostrifikatsiyasiz ishlash huquqini beruvchi ikkita diplom;

– oʻqishga kirish va xalqaro darajada ta’lim olish uchun yana bir imkoniyat.

Bu muhim: TDYUning ikki diplomli dasturlari haqida axborotni tezkor tarzda olish uchun maxsus Telegram kanalimizga obuna bo’ling: https://t.me/DDprograms.

TDYU qaysi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ikki diplomli dasturlarni amalga oshirmoqda

2021/2022-oʻquv yilida Toshkent davlat yuridik universiteti quyidagi xorijiy oliy ta'lim muassasasalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan bakalavriat darajasidagi 3 ta qoʻshma ta'lim dasturlari boʻyicha talabalarni qabul qiladi:

1) M.S.Narikbayev nomidagi KAZGYU universiteti (Qozog‘iston, Nur-Sulton sh.);

2) Y. Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti (GrDU, Belarus, Grodno sh.);

3) N.I. Lobachevskiy nomidagi Nijniy Novgorod Milliy tadqiqot davlat universiteti (NNDU, Rossiya, Nishniy Novgorod sh.).

TDYU ikki diplomli dasturlariga oqishga qabul qilish perametrlari (kvotalari) qanday

2021/2022-o‘quv yilida TDYU ikki diplomli dasturlari bo‘yicha quyidagi miqdorda talabalarni o‘qishga qabul qiladi:

1) KAZGYU bilan hamkorlikda:

– bakalavriatning standart dasturiga (4 yil) – 50 nafar;

– yuridik texnikumlar bitiruvchilari uchun bakalavriatning qisqartirilgan dasturiga (3 yil) – 50 nafar;

2) GrDU (GrDU) bilan hamkorlikda:

– bakalavriatning standart dasturiga (4 yil) – 50 nafar;

– yuridik texnikum bitiruvchilari uchun bakalavriatning qisqartirilgan dasturiga (3 yil)– 50 nafar;

3) NNDU bilan hamkorlikda:

– bakalavriatning standart dasturiga (4 yil) – 30 nafar;

– yuridik texnikum bitiruvchilari uchun bakalavriatning qisqartirilgan dasturiga (3 yil)– 50 nafar;

Bakalavriatning qisqartirilgan dasturiga faqat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumining 2020/2021-o‘quv yili bitiruvchilari qabul qilinadi.

Ikki diplomli dasturlar boʻyicha ta’lim tili qanday

Ikki diplomli dasturlari boʻyicha oʻqish jarayoni faqat rus tilida olib boriladi.

Ikki diplomli dasturlariga kirish imtihonlari qanday oʻtkaziladi

Kirish imtihonlar 2 bosqichda o‘tkaziladi.

1-bosqichda:

– KAZGYU va GrDU dasturlari boʻyicha – mustaqil, tanqidiy fikrlash va ingliz tilini bilish darajasini aniqlash uchun suhbat o‘tkaziladi;

– NNDU dasturi boʻyicha – “Rossiya tarixi” va “Jamiyatshunoslik” fanlaridan test o‘tkaziladi.

2-bosqichda barcha dasturlar uchun DTM rus tili bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazadi.

Dasturdan qat’i nazar:

– 1-bosqich imtihonlarida maksimal balning kamida 30%ini to‘plagan abituriyentlar 2-bosqich testiga qo‘yiladilar;

– 2-bosqich testida maksimal balning kamida 40%ini olgan abituriyentlar dasturga kirish uchun tanlovda qatnashadilar va kirish parametrlari asosida o‘qishga qabul qilinadilar;

– rus tilini kamida B1 darajasida bilishi haqida milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlgan abituriyentlar 2-bosqich testidan ozod qilinib, ularga ushbu bosqich uchun maksimal ball beriladi.

Imtihonlar oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida alohida e’lon beriladi.

Qoʻshma ta’lim dasturlari boʻyicha toʻlov-kontrakt miqdori qanday

Ikki diplomli dasturlar bo‘yicha ta’lim olish faqat toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Toʻlov-kontrakt miqdori xorijiy hamkor universitetlardagi o‘qish narxidan kelib chiqqan holda va yiliga o‘rtacha 3000 AQSh dollariga teng miqdorda belgilanadi.

To‘lov semester bo‘yicha amalga oshirilishi ham mumkin.

Ikki diplomli dasturlariga hujjatlar qanday topshiriladi

Hujjatlar faqat qabul2021.tsul.uz platformasi orqali onlayn tarzda 2021-yil 15-sentyabrga qadar qabul qilinadi. Hujjatlarni topshirishdan oldin albatta yoʻriqnoma bilan tanishing.

KAZGYU bilan ikki diplomli dasturga kirish uchun abituriyentlar quyidagi hujjatlarni toʻplashlari lozim:

1) Shaxsni tasdiqlovchi hujjat:

a) pasport;

yoki

b) shaxsiy guvohnoma (ID-karta).

2) Ta’lim to‘g‘risida hujjat:

a) 11-sinfni tugatganlik to‘g‘risida attestat;

yoki

b) akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji diplomi (ilovasi bilan birga);

3) 086-shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma (flurografiya surati bilan birga);

4) 063-shaklidagi emlanish kartasi;

5) Fotosurat (3 × 4, .jpg).

Voyaga yetmaganlar quyidagilarni qo‘shimcha ravishda taqdim etishlari shart:

6) Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma.

Bu muhim: Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan barcha hujjatlar, shu jumladan ma’lumotnomalar ham, qozoq yoki rus tiliga tarjima qilinib, tarjima notarial tasdiqlanishi kerak.

GrDU bilan ikki diplomli dasturga kirish uchun abituriyentlar quyidagi hujjatlarni toʻplashlari lozim:

1) Shaxsni tasdiqlovchi hujjat:

a) pasport;

yoki

b) shaxsiy guvohnoma (ID-karta).

2) Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma;

3) Ta’lim to‘g‘risida hujjat:

a) 11-sinfni tugatganlik to‘g‘risida attestat;

yoki

b) 9-sinfni tugatganlik toʻgʻrisida attestat + akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji diplomi (ilovasi bilan birga);

4) 086-shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma (flurografiya surati bilan birga);

5) OIV mavjud emasligi haqida sertifikat;

6) Fotosurat (3 × 4, .jpg).

Bu muhim: Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan barcha hujjatlar, shu jumladan ma’lumotnomalar ham, rus tiliga tarjima qilinib, tarjima notarial tasdiqlanishi kerak.

NNDU bilan ikki diplomli dasturga kirish uchun abituriyentlar quyidagi hujjatlarni toʻplashlari lozim:

1) Shaxsni tasdiqlovchi hujjat:

a) pasport;

yoki

b) shaxsiy guvohnoma (ID-karta).

2) Ta’lim to‘g‘risida hujjat:

a) 11-sinfni tugatganlik to‘g‘risida attestat;

yoki

b) akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji diplomi (ilovasi bilan birga);

3) Fotosurat (3 × 4, .jpg).

Bu muhim: Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan barcha hujjatlar, shu jumladan ma’lumotnomalar ham, rus tiliga tarjima qilinib, tarjima notarial tasdiqlanishi kerak.

Ikki diplomli dasturlarining talabalari qayerda ta’lim oladi

Talabalar TDYU va xorijiy hamkor universitetda kunduzgi ta’lim asosida o‘qiydilar.

Talaba chet elga chiqishi va o‘quv yili davomida u yerda yashashi kerak bo‘ladi.

O‘quv yili va semestrlar bo‘yicha ta’lim olish joyi haqida mazkur havola orqali ma'lumot olish mumkin.

Ta’lim olish joyigacha yetib borish va talabalar turar joyida istiqomat qilish hajatlari to‘lov-kontrakt miqdori bilan qamrab olinmaydi. Shu o`rinda M.S.Narikbayev nomidagi KAZGYU universiteti talabalar turar joyi bepul xizmat koʻrsatadi.