“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining veb-saytida e’lon qilingan sud hujjatlarining eng yaxshi tahlili” mavzusida o‘tkazilgan respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi.
“International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining veb-saytida e’lon qilingan sud hujjatlarining eng yaxshi tahlili” mavzusida o‘tkazilgan respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi uchun hamkorlik” qo‘shma loyihasi hamkorligida tashkil etilgan bellashuvda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari o‘z tahliliy ishlari bilan ishtirok etdi.
Mazkur tanlovni yuqori saviyada o‘tkazishda TDYU “Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual” kafedrasi tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, kafedra tomonidan tanlov targ‘iboti bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilib, universitetning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lonlar berildi. Ishtirokchilarning tahliliy ishlarini baholash uchun tanlov komissiyasi shakllantirildi.
Talabalarning bilimi, malakasi va amaliy ko‘nikmalarini aniqlash, ularning elektron odil sudlov vositalaridan keng foydalanishini yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning talablariga mos, malakali, xalqaro standartlarga javob bera oladigan, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash va rag‘batlantirish maqsadida ikki bosqichda tashkil etilgan tanlovda ishtirokchilar tomonidan 15 ta tahliliy materiallar taqdim etildi. Shundan 8 ta material fuqarolik ishlari, 2 ta material iqtisodiy ishlar, 3 ta material ma’muriy ishlar, 2 ta material jinoiy ishlar bo‘yicha sud hujjatlari tahliliga bag‘ishlangan.
Tanlov shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar 1-o‘rin uchun 50 ta, 2-o‘rin uchun 40 ta, 3-o‘rin uchun 30 ta sud hujjatini tahlil qilishi lozim edi.
Tanlov komissiyasi mazkur tahliliy ishlarni belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqib, ularning 100 ballik tizimda baholadi.
G‘oliblarni aniqlashda tahliliy materiallarda huquqiy atamalarning to‘g‘ri qo‘llanilgani, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va Oliy sud Plenum qarorlaridan foydalanilgani, tahlilining sifati va keltirilgan fikr-mulohazalarning ilmiy-amaliy asoslantirilganiga alohida e’tibor qaratildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi:
Eng yaxshi fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hal qiluv qarorlari tahlili:
1-o‘rin: Ziyodullo Keldibekov — JIDU 2-bosqich talabasi;
2-o‘rin: Boburjon Donayev — TDYU 4-bosqich talabasi;
3-o‘rin: Noila Nurmamatova — TDYU 4-bosqich talabasi.
Eng yaxshi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud hal qiluv qarorlari tahlili:
1-o‘rin: Saidbek Sobirov — TDYU 4-bosqich talabasi;
2-o‘rin: Shahzod Ochilov — TDYU 3-bosqich talabasi.
Eng yaxshi ma’muriy sud hal qiluv qarorlari tahlili:
1-o‘rin: Shahzod Ochilov — TDYU 3-bosqich talabasi;
2-o‘rin: Behruz Bozorov — TDYU 3-bosqich talabasi.
Eng yaxshi jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmlari tahlili:
1-o‘rin: Kamola Soliyeva — TDYU 3-bosqich talabasi;
2-o‘rin: Faxriddin Qudratov — TDYU 3-bosqich talabasi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shu bilan birga tanlov komissiyasi a’zolari va unda faol ishtirok etganlarga sertifikatlar topshirildi.