Toshkent davlat yuridik universitetida 2022/2023-o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarni universitet hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Tanishtiruv haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Haftalik “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida tashkil etilgan bayram tadbiri bilan boshlandi. Tadbirda universitet rahbariyati, faxriy professorlar va talabalarning ota-onalari so‘z olib, universitetga qadam qo‘yayotgan talaba-yoshlarning o‘qishi hamda kelgusidagi faoliyatiga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Bayram tadbiri davomida talabalarning ramziy qasamyod marosimi o‘tkazilib, ularga ramziy talabalik guvohnomasi topshirildi.
Shundan so‘ng universitetning katta majlislar zalida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbir davomida yigit-qizlarga universitetda talabalarning ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, ilmiy maktab va to‘garaklar, turli klublar faoliyati, yosh mentorlar jamoasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuvda talabalar universitet rahbariyatidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Haftalikning ilk kuni doirasida talabalar universitet binolarida yaratilgan sharoitlar, kafedralar va tarkibiy bo‘linmalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.