Toshkent davlat yuridik universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan anjumanda olimlar, respublikamizdagi va xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Davra suhbatida ikki millat o‘rtasidagi adabiy aloqalar, o‘zbek adabiyoti va uning jahon miqyosidagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Anjuman davomida Ozarbayjon Milliy Bilimlar Akademiyasi Nizomiy nomli Adabiyot institutining “Ozarbayjon — Turkmaniston — O‘zbekiston adabiy aloqalari” sho‘basi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Almaz Ulvi Binnatova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Muhammad Fuzuliy nomli ilmiy tadqiqot markazi rahbari, filologiya fanlari doktori Gulbahor Ashurovaning mavzu yuzasidan ma’ruzalari tinglandi.
Shuningdek, yosh avlod tafakkurida adabiyot va uning mo‘jizaviy qudrati borasidagi tushunchalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan anjumanda adabiyotning millat tafakkurini o‘stirishdan tashqari xalqaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishdagi ahamiyati borasida fikr almashildi.