BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Finlandiya hukumati hamkorlikda tashkil etilgan loyihada yurisprudensiya yo‘nalishidagi yetti oliy ta’lim muassasasi — Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti va Andijon davlat universiteti talabalari, TDYU professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirok etdi.
Yuridik klinikalar talabalari uchun mo‘ljallangan mashg‘ulotlarni Latviyaning “Marta” tashkiloti ekspertlari olib bordi.
Yozgi maktab davomida talabalar nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, kiberzo‘ravonlik bo‘yicha qonunchilikdagi yangiliklarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.
Shuningdek, ishtirokchilarga jabrlanuvchilarga birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha foydali ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, dastur doirasida turli intellektual o‘yinlar, “Kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish: huquqiy yordam va ongni oshirish” mavzusida videoroliklar tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.