O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi Singapurga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari, xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori Axtam Yakubov Singapur menejment universiteti (Singapore Management University) va Singapur Milliy universiteti (National University of Singapore)da bo‘lib, ushbu ta’lim muassasalarining rahbariyati bilan uchrashdi.
Uchrashuvlarda TDYU va mazkur nufuzli universitetlar o‘rtasida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va huquqiy innovatsiyalar bo‘yicha magistratura bosqichi uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda xalqaro va qiyosiy huquq sohasida qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish hamda xalqaro ilmiy konferensiya va forumlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari ikki oliy ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, zamonaviy ta’limga xos yondashuvlar, innovatsion arxitektura va Singapur ta’limining ilg‘or tajribalarini o‘rgandi.