Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi Alisher Jumagulov Buyuk Britaniyaning nufuzli Chevening xalqaro tanlovida g‘olib bo‘ldi. Mazkur muvaffaqiyat orqali u 2024-yilning 13-oktabridan 2025-yil 15-martiga qadar Times Higher Education xalqaro reytingida 1-o‘rinni egallab turgan Oksford universitetida stajirovka o‘tash imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Ushbu xorijiy stajirovkadan asosiy maqsad Oksford universitetida investitsiya huquqi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi (DSc) doirasida o‘rganishlar olib borish hamda Oxford Centre for Islamic Studies markazida Islom kapital bozorini joriy qilishning huquqiy asoslari bo‘yicha amaliy tadqiqotlar o‘tkazish hisoblanadi.