Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi tomonidan “Jinoiy sud ishlarini yuritishni modernizatsiyalash: sudgacha bo‘lgan bosqichda sud nazorati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Xalqaro anjumanda AQSH, Kanada va Sloveniya kabi davlatlardan tashrif buyurgan soha mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sud, Harbiy prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili, TDYU, Jamoat xavfsizligi universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchiulari ishtirok etdi.
Konferensiyada jinoyat-protsessual faoliyatda sud nazoratining dolzarb masalalari, sudgacha bo‘lgan bosqichda shaxsning huquq va erkinliklarini kafolatlash mexanizmlari, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida milliy qonunchilikni takomillashtirish istiqbollari keng muhokama qilindi.
Ishtirokchilar jinoyat ishlarini yuritishdagi zamonaviy yondashuvlar, bu jarayonda raqamli texnologiyalarning o‘rni, tergovga oid protsessual harakatlar ustidan prokuror nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish zarurati yuzasidan fikr almashdi.
Yakunda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or xorijiy tajribani milliy amaliyotga implementatsiya qilish, shuningdek, jinoyat-protsessual qonunchilikni modernizatsiyalash bo‘yicha tegishli tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik muzokaralari olib borildi.