Xabaringiz bor, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.b., yuridik fanlar doktori, professor Islambek Rustambekov Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universitetining 85 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etish uchun mazkur oliy ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Islambek Rustambekov Toshkent davlat yuridik universiteti va Grodno davlat universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturi doirasida mazkur oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi.
Ochiq va samimiy muloqot davomida talabalarga qo‘shma ta’lim dasturining afzalliklari, uning xalqaro imkoniyatlari hamda o‘quv jarayonidagi o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalar Grodno davlat universitetida ular uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, ta’lim olish jarayonidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Bundan tashqari, yigit-qizlar Islambek Rustambekovga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, duch kelayotgan muammolarini aytdi.
Uchrashuv davomida I.Rustambekov talabalarning barcha savollariga javob berish bilan birga ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Ma’lumot uchun: ayni paytda Toshkent davlat yuridik universiteti va Grodno davlat universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturida 120 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.