O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Namangan va Samarqand viloyatlari yuridik texnikumlari negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylarini tashkil qilish belgilangan.
Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan shahrida Namangan viloyati yuridik texnikumi negizida TDYU qoshidagi akademik litsey ochildi.
Shu munosabat bilan Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b., yuridik fanlari doktori, professor Islambek Rustambekov mazkur akademik litseyga tashrif buyurib, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
Tashrif davomida akademik litseyning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, o‘qitish metodikasini takomillashtirish, muassasada o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalalari muhokama qilinib, yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.