Magistratura va sirtqi ta’lim fakulteti tashabbusi bilan o‘tkazilgan haftalik davomida universitet rahbariyati, tarkibiy tuzilmalarning mutaxassislari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirlarda universitetning o‘quv-uslubiy yo‘nalishdagi faoliyati, kredit-modul tizimi, www.digital.tsul.uz platformasi, o‘quv tizimi, ta’lim jarayoni, odob-axloq qoidalari, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda qilinayotgan ishlar, ilmiy va sport to‘garaklari faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, sirtqi ta’lim shakliga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar universitetning Ilmiy boshqarmasi, Xalqaro hamkorlik boshqarmasi, O‘quv-uslubiy boshqarma (Registrator ofis), Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi, Axborot-resurs markazi, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi, “Jismoniy tarbiya va sport” kafedrasi faoliyati bilan tanishtirildi. Mazkur tarkibiy tuzilmalarning xodimlari hamda universitetning professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
“Tanishtiruv haftaligi” doirasida universitet bo‘ylab ekskursiya, Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sayohat hamda Adiblar xiyobonida ulug‘ adib va shoir G‘afur G‘ulom haykali poyida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.