Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari YXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi ko'magida Xalqaro xususiy huquqni unifikatsiya qilish institutiga (UNIDROIT) tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti va UNIDROIT o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
Marosim davomida TDYU prorektori Islombek Rustambekov va UNIDROIT Bosh kotibi Ignatio Tirad tomonidan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Muhokama doirasida taraflar TDYU o'qituvchilari va tadqiqotchilari uchun qo'shma loyihalar, tadqiqotlar, turli tadbirlar, stajirovkalarni tashkil etishga kelishib oldi.
Ma'lumot uchun, UNIDROIT xususiy huquq sohasida xalqaro hujjatlarni tayyorlashni amalga oshiruvchi xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Uning maqsadi davlatlar o'rtasidagi munosabatlarda xususiy, xususan, tijorat huquqlarini modernizatsiya qilish va muvofiqlashtirish, shuningdek, bir xil huquqiy vositalar, tamoyillar va normalarni ishlab chiqishdan iborat.
Ushbu memorandum orqali UNIDROIT TDYU a'zo bo'lgan sakkizinchi xalqaro hamkor tashkilotga aylandi. Ushbu hamkorlik O'zbekistonda xususiy huquq va xalqaro xususiy huquq sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qilish bilan birga, stajirovkalarni tashkil etish, universitetga xalqaro ekspertlarni jalb qilish imkoniyatini yaratadi.
Facebook | Instagram | LinkedIn | Telegram