TDYU KASABA UYUSHMASI TOMONIDAN 2023-YILDA AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR BO‘YICHA AXBOROT
Bugungi kunda – TDYU Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimlarning o‘z faoliyati yoki o‘qish turi bo‘yicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, xodimlarning mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalab, himoya qilib, faxriylarning holidan xabar olish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim muassasasida qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ichki turizmni amalga oshirish, xodimlar va ularning oila a’zolarini sifatli sog‘lomlashtirish maqsadida turli sihatgohlarga dam olishini tashkil etish kabi jamoaviy, madaniy-ommaviy, ko‘ngilochar va sport tadbirlarini tashkil etib kelmoqda.
TDYU Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari Kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashidan
2023-yil 1-may kuni AP-01/83-sonli xatiga asosan, 2023-yil 11-may kunidan O‘zbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi xizmatiga o‘tkazildi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi plenumida – 11 nafar Kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolari saylangan. Doimiy ishchi organi – Ijroiya qo‘mitasi a’zolari – 5 kishidan iborat bo‘lib, O‘razaliev M.K. – rais, Nosirxodjaeva G.A. – Umumta’lim fanlar va madaniyat kafedrasi mudiri, Bozorov I.X. – Ekspluatasiya va ta’mirlash boshqarmasi boshlig‘i, Niyazova N.J. – O‘zbek tili va adabiyot kafedrasi professor v.b, Po‘latov Sh.Sh. – Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktoridan iborat tarkibda faoliyat olib bormoqda.
Universitet ma’muriyati bilan Kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida
2023-yil 31-mart kuni jamoa a’zolarining mehnatga oid boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan 2023–2025-yillar uchun tuzilgan, 17 bobdan iborat Jamoa shartnomasi imzolangan. Ushbu jamoa shartnomasi bandlarining bajarilishi muntazam ravishda jamoatchilik nazoratiga olingan. Jamoa shartnomasi shartlari va majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish komissiyasi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi va Ish beruvchi vakillaridan teng miqdorda hamda TDYU Faxriylar kengashi raisidan iborat tarkibda ish olib boradi.
Hozirgi kunda TDYU Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi umumiy hisobda 728 nafar a’zolarini birlashtirgan.
Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasiga 2023-yilning 29-dekabr holatiga ko‘ra, xodimlarimiz tomonidan 269 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 162 tasi moddiy yordam, 60 ta murojaatlar esa sanatoriya yoki davolash profilaktika markazlariga yo‘llanmalar(shulardan 12 ta murojaat xodimlarning farzandini bolalar oromgohiga yo‘llanmalar) so‘rab murojaat qilingan. Qolgan 47 ta murojaatlar yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlari va boshqa mazmundagi murojaatlardir. Kasaba uyushmasi qo‘mitasiga kelib tushgan murojaatlarning 269 tasidan 249 tasi (92.%i) qanoatlantirilgan bo‘lsa, 20 ta murojaat bo‘yicha (8.%i) ijrosi kechiktirilgan va xodimlarga tushuntirish berilgan.
Universitet Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan
2023-yilning 29-dekabr sanasigacha kasaba uyushmasi mablag‘lari quyidagi maqsadlarda ishlatilgan. Kasaba uyushmasi tomonidan madaniy ommaviy tadbirlar uchun 477.7 mln. so‘m, sog‘lomlashtirish (sanatoriya, va kurortlar) uchun 90.5 mln. so‘m, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi uchun 52.9 mln. so‘m, ommaviy jismoniy-tarbiya va sport tadbirlari uchun 82.4 mln. so‘m, ishchi-xodimlarga moddiy yordam puli 152.6 mln so‘m, xo‘jalik va ekspluatatsiya xarajatlariga
10.3 mln. so‘m, bank xizmati xarajatlariga 6.7 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari sarflangan. Shu bilan birga 2023-yil boshidan shu kungacha kasaba uyushmasi Toshkent shahar kengashiga a’zolik badali jami 640.8 mln. so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan.
Birgina 2023-yilda Kasaba uyushmasi tomonidan qilingan ishlarga to‘xtalib o‘tsak, Kasaba uyushmasi tomonidan xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida, 2023-yil davomida 162 nafar yordamga muhtoj xodimlarimizga jami 152.6 mln. so‘mlik pul ko‘rinishdagi moddiy yordam ko‘rsatildi.
Kasaba uyushmasi tomonidan kasaba uyushma a’zolari va ularning farzandlarining sog‘ligini mustahkamlash uchun 2023-yilda 44 nafar xodimlar va ularning ota-onalariga Zarkent, Xumson, Kosonsoy, Oqtosh shaboda, Oqtosh, Botanika, Zomin, Chimyon, Turon, Chinobod, Chorvoq, Chortoq, Ugam, va Livingstone dam olish maskanlariga imtiyozli yo‘llanma berildi. Shuningdek, xodimlarning 20 nafar farzandlariga “Westcamp” hamda “Chotqol” bolalar oromgohiga imtiyozli yo‘llanmalar berildi.
“Ichki turizm”ni rivojlantirish, xodimlarning jamoaviy va oilaviy dam olishini tashkil qilish maqsadida Xiva va Samarqand shahriga 65 nafar, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Olmos” dam olish maskaniga 102 nafar hamda Jizzax viloyati Zomin tumanida Supa platosida joylashgan dam olish maskanlariga 30 nafar xodimlar uchun sayohatlar uyushtirilib, buning doirasida jami 197 nafar xodimlar qamrab olindi.
Shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan A.Navoiy nomidagi opera va balet teatri, O‘zbekiston davlat Satira teatri, O‘zbek milliy akademik drama teatri, Muqimiy nomidagi o‘zbek milliy musiqiy drama va komediya teatrlariga xodimlarning tashrifi tashkil etilib, bunda 306 nafardan ortiq xodimlar qamrab olindi. Shuningdek, 2023-yil 2–5-mart kunlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik Katta teatrida O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro balet festivali doirasida bo‘lib o‘tgan Akram Xon (Buyuk Britaniya) tomonidan sahnalashtirilgan “Jungle book reimagined” baletiga, 5-mart kuni Moris Bejarning (Shvetsariya) “Bolero” nomli baletiga 40 nafar xodimlar borishdi.
Bugungi kunga qadar TDYU kasaba uyushmasi xodimlarni el suygan san’atkorlar, xushovoz xonandalarning yakkaxon hamda gala konsertlariga olib borishda ham salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Joriy yilning I choragida 600 nafar, II choragida 466 nafar, III choragida 230 nafar hamda IV chorak davomida 360 nafar xodimlar hamda 651 nafar xodimlarning farzandlari turli xil konsert dasturlariga olib borildi.
Kasaba uyushmasi jamoaviy, madaniy-ommaviy ko‘ngilochar hamda sport tadbirlar rejasiga asosan, Ma’naviyat va ma’rifat markazi va Jismoniy tarbiya kafedrasi bilan hamkorlikda jamoada sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan sport tadbirlarini tashkil etib kelmoqda. Xodimlar o‘rtasida sportning mini-futbol, stol tennis, shashka, shaxmat, badminton, volleybol, arqon tortish kabi turlaridan 14 ta musobaqa va turnirlar o‘tkazilib, 600 nafardan ortiq xodimning ishtiroki ta’minlandi.
Kasaba uyushmasi ijtimoiy himoyaga muxtoj, ehtiyojmand xodimlar va faxriy xodimlarga moddiy yordam berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarida qatnashmoqda. Jumladan, Toshkent shahar Olmozor tumanidagi 1-sonli Respublika urush va mehnat faxriylari pansionati keksalari va TDYU faxriy xodimlarining holidan bayram kunlarida doimiy ravishda kafedralar bilan birgalikda xabar olib kelinmoqda.
Kasaba uyushmasi qo‘mita asosiy muammolaridan biri bu – Kasaba uyushmasi ijtimoiy va nodavlat tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar va MDH davlatlari kasaba uyushmalari bilan hamkorlik qilishi va sog‘lomlashtirish yo‘nalishida (sanatoriya, dam olish uylari) xalqaro aloqalarni o‘rnatishi kerak.
Xodimlar uchun va ularning farzandlarining sog‘ligini mustahkamlash uchun beriladigan sanatoriyalarga yo‘llanmalarni olish navbatini elektron tizimga o‘tkazish kerak hamda mehnat ta’tili jadvali tasdiqlangandan keyin elektron murojaat tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.