Qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari har yili 25-iyundan 5-iyulga qadar qabul qilinadi.
Abituriyent Toshkent davlat yuridik universiteti rektori nomiga bakalavriatga o‘qishga qabul qilish haqida Internet jahon axborot tarmog‘i orqali elektron shaklda ariza yuboradi. Bunda bitiruvchining diplomi (ilovasi bilan birga) “PDF” (portabl document format) shaklda arizaga ilova qilinadi.
Qabul komissiyasi arizani kelib tushgan vaqtdan boshlab yetmish ikki soat ichida ko‘rib chiqadi va hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, arizani noyob raqam berish orqali ro‘yxatdan o‘tkazadi hamda abituriyentning arizada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga bu haqida bildirishnoma yuboradi, shuningdek, abituriyentni hujjatlarning asl nusxasini o‘z vaqtida topshirish to‘g‘risida ogohlantiradi.
Hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingan vaqt ariza uchun noyob raqam olingan vaqt hisoblanadi.
Agar taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, qabul komissiyasi kamchilik aniqlangan vaqtdan boshlab bir soat ichida abituriyentning arizada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga bu haqida bildirishnoma yuboradi.
Abituriyent yigirma to‘rt soat ichida bildirishnomada ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etishi va hujjatlarni belgilangan tartibda takroran topshirishi mumkin.