“Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–6260-son, 13.07.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2021-yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandi uchun 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat OTMlarida ta’lim olayotgan farzandlariga 2021/2022-o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi qoplab beriladi.
“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Ipoteka dasturi doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari bo‘yicha qo‘shimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratiladi.
2021-yil 1-sentabrdan respublikadagi OTMda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim kreditlari beriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarida ishlayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etiladi.
Oylik ustamalar 2021-yil 1-oktabrdan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo‘shimcha ravishda har oy to‘lab boriladi.
Horizontal line