Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

TDYU qoshidagi akademik litseyga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish 20-iyundan boshlanadi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillanggirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarorida Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litsey faoliyatini “litsey-universitet” uzluksiz ta’lim tizimini ta’minlash orqali o‘quv jarayonining sifatini oshirish va litseyga o‘qishga qabul qilish jarayonini takomillashtirish vazifalari belgilangan.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining qarori bilan tasdiqlangan Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyga o‘qishga qabul qilish uchun test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq 9-sinf bitiruvchilarini TDYU qoshidagi akademik litseyga 2022/2023-o‘quv yili uchun qabul qilish Davlat test markazi tomonidan belgilangan tartibda test sinovlari orqali amalga oshiriladi. Bunda test sinovlari katta sig‘imdagi binolarda ochiqlik va shaffoflik ta’minlangan holda o‘tkaziladi.

Abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish 20-iyundan 10-iyulga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi va ular test sinovlarida ishtirok etish uchun Davlat test markazining rasmiy veb sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyga kirish imtihonlari “Ijtimoiy-gumanitar fanlar – 2” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi ikkita bo‘lim doirasida amalga oshiriladi: 
– I bo‘lim – tanlangan yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlari topshiriladigan mos 2 ta fan: 
birinchisi, umumta’lim maktablarining 8- va 9-sinflarida o‘qitiladigan huquqiy (Davlat va huquq asoslari) fanlar; 
ikkinchisi, umumta’lim maktablarining 9-sinfgacha o‘qitiladigan chet tili fanlari. 
– II bo‘lim – intellektual qobiliyat darajasi (IQ)ni aniqlash bo‘yicha test;

Ayni paytda TDYU qoshidagi akademik litseyda o‘qishni istagan abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish, ularni qiziqtirgan savollarga tezkor javob berish maqsadida “Call-center” tashkil etilgan.

Abituriyentlar va ularning ota-onalari telefon raqamlari orqali “Call-center” bilan bog‘lanib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishi mumkin:
– o‘zbek tilidagi murojaatlar uchun: +99871-241-72-44
– rus tilidagi murojaatlar uchun: +99871-241-75-54
– ingliz tilidagi murojaatlar uchun: +99871-241-57-44

Shuningdek, qabul jarayoniga oid tezkor ma’lumotlar akademik litseyning telegram kanalida yoritib boriladi. 
Quyidagi link orqali kanalga ulanish mumkin: https://t.me/Yuridik_litsey