Toshkent davlat yuridik universitetining kovorking markazida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vаziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b., yuridik fanlari doktori, professor Islambek Rustambekov, universitet Ilmiy boshqarmasi xodimlari, Huquqiy tashabbuslar va innovatsiyalar markazi xodimlari va doktorantlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda mamlakatimizda ilmiy faoliyat shug‘ullanish va ilmiy muhitni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu yo‘nalishda yechimini kutib turgan masalalar muhokama qilindi.
Xususan, ilmiy tadqiqotlarning yagona bazasini yaratish, doktorantlar faoliyatini raqamlashtirish, e-researcher.uz platformasi va litsenziya kelishuvlari tizimini rivojlantirish, patentlar, mualliflik huquqlari, va ilmiy yutuqlarni tijoratlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bir so‘z bilan aytganda, uchrashuv ilmiy muhitni yaxshilash va doktorantlarning tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan fikr va tajriba almashish maydoni bo‘lib xizmat qildi.