Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri oʻrinbosari Sherzod Rabiyev va Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b., yuridik fanlari doktori, professor Islambek Rustambekov boshchiligidagi delegatsiya Kardiff universiteti va SOAS universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etilib, muzokaralar oʻtkazildi.
Muzokaralar natijasida Kardif universiteti bilan bakalavriat bosqichida 2+2 va magistratura bosqichida 1+1 qoʻshma dasturlarini joriy etishga kelishildi.
SOAS universitetiga tashrif doirasida, universitet faoliyati, undagi markazlar, jumladan, Arbitraj markazi, Qiyosiy huquq markazi va kutubxona faoliyati bilan tanishildi. Universitet va uning markazlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolanib, birgalikda tadqiqotlar oʻtkazish, treninglar tashkil etish va akademik almashinuvni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: Kardiff universiteti 1883-yilda tashkil etilgan va Buyuk Britaniyaning 24 ta yetakchi tadqiqot universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitet “QS World University Rankings — 2024”da 186-oʻrindan joy olgan. Kardiff universiteti ilmiy jamoasi tarkibida 2 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari, 17 nafar Qirollik Jamiyati a’zolari, 7 nafar Britaniya Akademiyasi a’zolari bor. Universitet dunyoning 140 ga yaqin davlatidan 300 dan ortiq universitet bilan hamkorlik qiladi.