University Education Scientific and innovative activity
International relations Student life Admission 2024 SDG
English
Oʼzbekcha Русский
Network error!
Home page   >   NEWS

SUDYA SUD EKSPERTINI TANLASH HUQUQIGA EGA

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayevning X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) faoliyatiga doir munosabati keng tarqaldi. Deputatning postidagi munosabati hamda Markazning rasmiy bayonotlarini o‘qib chiqib, bu borada o‘zimning quyidagi xolis fikrlarimni bildirib o‘tmoqchiman.

O‘zbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida sud ekspertizasi tushunchasiga ta’rif berilgan. Bunda sud ekspertizasi sifatida fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat tushuniladi. Fan, texnika, san’at yoki hunarning soha va ixtisosliklari juda ko‘p bo‘lgani sababli qonun ular doirasini ish holatlariga aniqlik kiritish uchun sud ekspertizani tayinlash va o‘tkazish maqsadlarida cheklamaydi. Ya’ni odil sudlovni amalga oshirish borasida zarurat tug‘ilganda sud belgilangan tartibda fan, texnika, san’at yoki hunarning tegishli sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxsni sud eksperti sifatida ishga jalb etishi mumkin. Shu o‘rinda baholovchilarning o‘zi ham baholash faoliyatida maxsus bilimlarga ega bo‘lgani bois ushbu sohada sud eksperti hisoblanadi hamda sudga ekspert sifatida jalb qilinishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, sud nafaqat Markazning ushbu sohadagi maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan vakolatli ekspertlarini, balki baholash sohasida yetarlicha ma’lumot va bilimga ega bo‘lgan har qanday shaxsni baholash sohasidagi ekspert etib tayinlash huquqiga ega.

“Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga asosan agar sud eksperti qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.

Boshqa barcha holatlarda sud eksperti oldiga qo‘yilgan savollarga javob berishi lozim.

Protsessual qonunchilikka muvofiq (Fuqarolik protsessual kodeksining 58-moddasi, Iqtisodiy protsessual kodeksining 55-moddasi, Jinoyat-protsessual kodeksining 67-moddasi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 52-moddasi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 299-moddasi) tegishli fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yurituvini olib borayotgan shaxs ekspertiza tashkilotini yoki ekspertiza tashkilotida faoliyat yuritmayotgan ekspertlarni taraflar fikrini inobatga olgan holda o‘z ichki ishonchiga asosan tayinlaydi. Bunda davlat va nodavlat sud-ekspert tashkilotlari xodimlari, shuningdek, ularda faoliyat yuritmayotgan shaxslar ham tayinlanishi mumkin.

Masalan, fuqarolik ishi doirasida ko‘chmas mulk obyekti bahosini aniqlash maqsadida sud-qurilish-texnikaviy ekspertizasini tayinlash zarurati kelganda sud yuqorida keltirilgan protsessual normalarga asoslanib mazkur ekspertizani o‘tkazishni davlat sud-ekspert tashkiloti hisoblangan X.Sulaymnova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markaziga, shuningdek, mazkur sud ekspertizasi turi bo‘yicha sud eksperti sertifikatini olgan sud eksperti faoliyat yuritayotgan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga yoki baholash sohasida yetarlicha ma’lumotga va bilimga ega bo‘lgan har qanday shaxsga topshirishi mumkin.

Shu bilan bir qatorda aytib o‘tish kerakki, dalillarga baho berish prinsiplariga ko‘ra, hech bir dalil sud uchun oldindan belgilab qo‘yilgan kuchga ega emas. Shuning uchun taqdim etilgan ekspert xulosasini sud uchun majburiy bo‘lmaydi va sud uni mustaqil tarzda baholaydi.

 

Azim BARATOV,

TDYU kafedra mudiri,

yuridik fanlari nomzodi

Announces

All announcements