Kamola Aliyevaning maqolasi “Scopus Q1” ma’lumotlar bazasida indeksatsiya bo‘ldi
Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi dotsenti, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Kamola Aliyevaning “Revealing the Barriers to Women's Political Participation in Uzbekistan” nomli maqolasi “Scopus” ma’lumotlar bazasida indeksatsiya bo‘ldi.
Maqolada O‘zbekistonda ayollarning siyosiy ishtirokini cheklayotgan tuzilmaviy to‘siqlar, xususan, huquqiy va institutsional omillar tahlil qilingan. Qayd etilganidek, bugungi kunda ta’lim va bandlikda yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, qonunchilikdagi bo‘shliqlar, huquqni qo‘llashdagi izchillik yetishmasligi hamda gender stereotiplari ayollarning siyosiy rahbarlik va qaror qabul qilish jarayonlarida faol ishtirokini cheklab qolmoqda.
Tadqiqotda ayollarning siyosiy faolligi tashqi bosimlar va ichki huquqiy-institutsional qarshiliklar bilan qanday shakllanishi o‘rganilgan. Muallifning ta’kidlashicha, mavjud siyosiy va huquqiy islohotlar muhim bo‘lsa-da, ular kengroq institutsional va ijtimoiy o‘zgarishlarsiz yetarli emas.
Shuningdek, maqolada qonunchilikdagi o‘zgarishlar genderga asoslangan moliyaviy va ijtimoiy cheklovlar bilan kesishib, ayollarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini yanada murakkablashtirishi ko‘rsatib berilgan. Maqolada nafaqat son jihatdan, balki huquqiy jihatdan ham mazmunli siyosiy inklyuziya zarurligi ilgari suriladi.
Maqola bilan tanishish… (https://www.scopus.com/pages/publications/105014969532)