Xabaringiz bor, 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan respublika bo‘ylab “OAV haftaligi” o‘tkazildi. Haftalik doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti va O‘zbekiston Milliy media birlashmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan uchrashuvda OAV sohasida yuzaga kelayotgan huquqiy masalalarning zamonaviy yechimlari, jurnalistlar faoliyatida qonunchilikni chuqurroq anglash, shuningdek, yuridik klinika faoliyatining imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga mazkur memorandum mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston axborot makonida faoliyat yuritayotgan jurnalist va media sohasi vakillarining huquqiy savodxonligini oshirish, yuridik maslahat va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, ilmiy-amaliy tadbirlar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imzolangan hujjatga ko‘ra, endilikda TDYU Yuridik klinikasi orqali O‘zbekiston Milliy media birlashmasiga a’zo bo‘lgan telekanallar va ommaviy axborot vositalariga huquqiy-amaliy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Uchrashuvda huquq va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni kuchaytirish, bu orqali huquqiy madaniyat va qonun ustuvorligini mustahkamlash borasida birgalikdagi harakatlarni davom ettirishga kelishib olindi.