TDYU rektorining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha murojaati
Hurmatli yurtdoshlar!
Barchamizga maʼlumki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu islohotlar mamlakatimiz ichki siyosatining dolzarb va ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiya va u bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning oldini olish universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalar ijrosini tizimli amalga oshirish maqsadida universitetda Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi tashkil etilgan boʻlib, unga Abdusattorov Ilxomjon Erkinjonovish rahbarlik qilib kelmoqda.
Universitetda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish mexanizmlarini amalga oshirishga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Xususan, Toshkent davlat yuridik universitetining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Xodimlar va talabalarning odob-axloq kodeksi, Toshkent davlat yuridik universitetining xodimlari, talabalari, magistrantlari va doktorantlarini korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik maqsadida xabardor qilish toʻgʻrisidagi nizom shular jumlasidandir.
Shuningdek, korrupsiya xavfi bilan bogʻliq boʻlgan lavozimlar roʻyxati shakllantirildi, xodimlarning oʻz xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq faoliyati muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Maʼruza va seminarlar, kirish imtihonlari, sessiyalar, attestatsiyalar, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoyasi oʼtkaziladigan oʼquv xonalari videokuzatuv uskunalari bilan jihozlangan. Ayni paytga qadar Toshkent davlat yuridik universiteti hududida jami 300 dan ortiq videokameralar oʻrnatildi.
Oʻquv jarayonining shaffofligini taʼminlash maqsadida universitet bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. “Elektron universitet”, digital.tsul.uz platformasi, taʼlim sifatini nazorat qilish boʼlimi taʼlimning ochiqligi, shaffofligini taʼminlab, korrupsion xavflarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetida ishlash va oʻqishga qabul qilish shaffoflik va oshkoralik asosida amalga oshirilmoqda.
Universitetda “ishonch telefoni” mavjud boʻlib, korrupsiyaviy holatlar boʻyicha @tsul_anti_corrup_bot telegram boti orqali bevosita rektor bilan bogʻlanishingiz mumkin. Botga yuborilgan xabarlar oʻz vaqtida koʻrib chiqiladi va murojaat qiluvchining shaxsi qatʼiy sir saqlanishi kafolatlanadi.
Korrupsiyaviy holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar doirasida talabalar va ularning ota-onalari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, tadbirlarda Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berilmoqda. Bu boradagi ishlarda talabalarning oʻzlari ham faol ishtirok etmoqda. Talabalar oʻrtasida korrupsiya boʻyicha tizimli soʻrovnomalar oʻtkazilib, ularning natijalari boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.04.2020 yildagi PF-5987-son “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida universitetga ISO 37001:2016 – Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi xalqaro standartiga mos kelishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Mazkur vazifani bajarish borasida universitetning barcha tarkibiy bo‘linmalar hamkorligida samarali ishlar amalga oshirilib, 2024-yilning fevral-mart oylarida sertifikatlashtirish organi tomonidan o‘tkazilgan ikki bosqichli audit natijasiga ko‘ra respublika oliy ta’lim muassasalaridan birinchi bo‘lib universitet ISO 37001 – Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi xalqaro standarti talablariga muvofiq deb topildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik kadrlarni tayyorlash boʼyicha tayanch oliy taʼlim va ilmiy-uslubiy muassasa hisoblanadi. Binobarin, biz soha vakillari sifatida jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz va huquqbuzarliklarning oldini olishimiz darkor.