University Education Scientific and innovative activity
International relations Student life Admission 2024 SDG
English
Oʼzbekcha Русский
Network error!
Home page   >   NEWS

Targ‘ibot poyezdi: 150 dan ortiq oliy va professional ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, harbiy qismlar, aholi yashash manzillarida huquqiy targ‘ibot o‘tkazildi

Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligi, referendum borasidagi bilim va koʻnikmalarini yanada oshirish maqsadida “Men befarq emasman” shiori ostida oʻtkazilgan “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi yakunlandi.

Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari, universitet professor-o‘qituvchilari va tajribali targ‘ibotchilar ishtirokida o‘tkazilgan seminarlar, huquqiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha o‘tkazilgan amaliy darslarda ishtirok etgan 100 nafar talaba hamda universitetning 14 nafar professor-o‘qituvchilaridan iborat targ‘ibot guruhlari tomonidan mamlakatimizning 14 ta hududi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va 12 ta viloyatda turli targ‘ibot tadbirlarini tashkil etdi.

Shuningdek, mazkur targ‘ibot tadbirlariga TDYU talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda hududlardagi huquqshunoslik ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari talabalari va Adliya vazirligi yuridik texnikumlarning o‘quvchilari ham jalb etildi.

Targ‘ibot guruhlari mamlakatimiz bo‘ylab 70 dan ortiq oliy va professional ta’lim muassasalari, 50 dan ortiq korxona va tashkilotlar, 30 dan ortiq aholi yashash manzillari, harbiy qismlar va istirohat bog‘lariga tashrif buyurib, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligi, referendum borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga o‘z hissasini qo‘shdi.

O‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida o‘quvchilar, talabalar va tashkilotlarning xodimlari bilan bir qatorda nuroniy otaxon-u onaxonlar ham ishtirok etdi.

Turli tadbirlar va uchrashuvlar davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada taʼlim va ilm-fan sohasidagi o‘zgarishlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha kiritilayotgan yangiliklar, turli sohalarni rivojlantirishga qaratilgan yangi normalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

“Tengdosh tengdoshga” tamoyili asosida o‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarning huquqiy savodxonligini sinovdan o‘tkazish maqsadida turli tanlov va viktorinalar o‘tkazilib, ularning g‘olib va sovrindorlari esdalik sovg‘alari, badiiy va yuridik adabiyotlar bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, targ‘ibot guruhlari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan materiallar tarqatildi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligi, Referendum borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, ularda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurt kelajagi va Vatan ravnaqi uchun daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Announces

All announcements