Toshkent davlat yuridik universiteti “Konstitusiyaviy huquq” kafedrasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Habibulla Mullaberdiyorovich Abdualiyev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbir 12-dekabr 10:30 da TDYU 3-bino 221-xonada bo‘lib o‘tadi.
Yuridik fanlari nomzodi, dotsent Habibulla Abdualiyevning ilmiy faoliyati va tajribalarini o‘rganish, ustoz-yuristning faoliyati xususida yoshlarga ma’lumot berish maqsadida tashkil etiladigan davra suhbatida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, professor-o‘qituvchilar, Habibulla Mullaberdiyorovichning shogirdlari va talabalar ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun: Habibulla Mullaberdiyorovich Abdualiyev 1932-yil 26-oktabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. H.Abdualiyevning padari buzrukvorlari Alimov Mullaberdiyorxon o‘z davrining ziyoli insoni bo‘lgan.
Ustoz Habibulla Abdualiyev to‘g‘riso‘z, fidoiy, o‘z kasbiga jonkuyar va o‘ta mas’uliyatli inson edi.
1955—1960-yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetining yuridik fakultetida tahsil olgan va ayni bir vaqtning o‘zida shu fakultetning uslubchisi vazifasida o‘z mehnat faoliyatini boshlagan.
1959—2002-yillar davomida Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetida Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi laboranti, o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, “Davlat huquqi va boshqaruvi” kafedrasi dotsenti, yuridik fakulteti dekan o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
1983-yilda unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist” unvoni berildi.
Habibulla Abdualiyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Davlat huquqi masalalariga bag‘ishlangan 40 dan ortiq maqolalar, kitoblar va metodik qo‘llanmalar yozilgan. Ularda davlat organlari, deputatlarning huquq va burchlari, davlatlarning suveren huquqlari, Konstitutsiya va qonunning ustuvorligi, mustaqil davlatning bosh qonuni, saylov tizimlari, saylov huquqi, xalq deputatlari, davlat organlari tushunchasi va tizimi, Konstitutsiyaviy huquq va uning dasturi kabi mavzular yoritilgan.
Habibulla Abdualiyev tahsil olgan va hayotda o‘z o‘rnini topgan bir qancha shogirdlari respublikamiz turli yo‘nalishlarida va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarida faol mehnat qilishmoqda.