11-oktabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Toshkent davlat yuridik universitetida “E’tirof va ilhom” tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tantanali marosimda Adliya vazirligi, Oliy sud, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, faxriy mehmonlar hamda talaba-qizlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Universitet Xotin-qizlar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda ilm-fan, ijodkorlik, jamoat ishlari va turli tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan, o‘z bilimi, iste’dodi va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan talaba-qizlar taqdirlandi. Shuningdek, ularning yutuqlarida muhim o‘rin tutgan ota-onalarga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.
Milliy liboslar namoyishi esa bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Atlas va adraslarning betakror jilosi, milliy qadriyatlarimiz va zamonaviylik uyg‘unligi, badiiy chiqishlar, samimiy tabriklar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.