Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda Toshkent davlat yuridik universiteti “Jinoiy odil sudlov” fakulteti dekani Dildora Kamalova, xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Muxammad Ali Ramazonov hamda Janubi-gʻarbiy siyosatshunoslik va huquq universiteti Xalqaro huquq insituti prorektori Song Yun Bo, ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Chang Ye, yuridik fanlar nomzodlari Li Yu Jie va Cheng Yang ishtirok etdi.
Tadbirda memorandum doirasida TDYU hamda Janubi-gʻarbiy siyosatshunoslik va huquq universiteti oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, hamkorlikda turli ilmiy loyiha va dasturlarni yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotchilarning qisqa va uzoq muddatli stajirovkalarini tashkil etish, ilmiy adabiyotlar, ma’lumotlar va g‘oyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayonini samarali boshqarishni ta’minlash va o‘qitishning innovatsion usullarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash, ikki oliy ta’lim muassasalari, professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish, elektron kutubxona imkoniyatlaridan foydalanish uchun sharoit yaratish, Janubi-gʻarbiy siyosatshunoslik va huquq universiteti talabalarini TDYU magistraturasiga yuborish, intellektual mulk va davlat boshqaruvi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha fikr almashildi.
TDYU talabalariga Xitoy va xalqaro tashkilotlardagi huquqshunoslar bilan professional tarmoq imkoniyatlarini taqdim etish, TDYUga ma’ruzalar o‘qish uchun Xitoydan huquqshunos va ekspertlarni jalb qilish, TDYU va Xitoydagi huquqshunoslik maktablari oʻrtasida kelishish mumkin boʻlgan gʻoyalar, maʼlumotlar va nashrlar almashinuviga koʻmaklashish, metodik almashinuv va o‘quv jarayonini samarali boshqarish, jumladan, TDYUda innovatsion o‘qitish usullarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari TDYUda Xitoy huquq markazini hamda Janubi-gʻarbiy siyosatshunoslik va huquq universitetida O‘zbek huquq markazini ochish bo‘yicha kelishib olindi.