Toshkent davlat yuridik universitetida huquqiy innovatsiyalar, sun’iy intellekt va Legal Tech yo‘nalishlarini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va tijoratlashtirish, shuningdek, davlat va huquq sohasida zamonaviy axborot-huquqiy texnologiyalar hamda tizimlarni ishlab chiqish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.
Markazning asosiy maqsadlaridan biri universitetda ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirish, istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
· ilmiy va innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirish mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish;
· innovatsion mahsulotlar, ishlar va xizmatlarga bo‘lgan bozor talabini o‘rganish, ularning iqtisodiy samaradorligi va tijoratlashtirish bilan bog‘liq xatarlarni baholash;
· yuqori tijorat salohiyatiga ega istiqbolli innovatsion loyihalarni aniqlash, tanlab olish va amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash;
· talabalar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va professor-o‘qituvchilar uchun startap loyihalar inkubatsiyasi va akseleratsiyasi dasturlarini tashkil etish;
· ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish va tijoratlashtirish jarayonlariga mahalliy hamda xorijiy investorlar, hamkorlar va boshqa manfaatdor tomonlarni jalb qilish;
· sun’iy intellekt, Legal Tech va boshqa zamonaviy axborot texnologiyalari asosida huquqiy tizimlar va innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqish;
· universitetning intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish, ularni patentlash va ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashish;
· davlat organlari, korxona va tashkilotlar, mahalliy hamda xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan innovatsion hamkorlikni rivojlantirish;
· davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish;
· professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish, grant loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda ularga ko‘maklashish;
· ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, akademik tadbirkorlikni rivojlantirish hamda spin-off va spin-out korxonalarini tashkil etishga ko‘maklashish.
Markaz universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektoriga bevosita bo‘ysunadi. Uning faoliyatiga universitet rektori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.
Markaz tarkibiga quyidagi tarkibiy tuzilmalar kiradi:
· Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi;
· Sun’iy intellekt va Legal Tech laboratoriyasi;
· Xalqaro grantlar bilan ishlash bo‘limi.
Markazda direktor rahbarligida 7 nafar xodim faoliyat yuritadi. Markaz uchun jami 14 ta shtat birligi ajratilgan.