Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) — O‘zbekistonda yuridik kadrlar tayyorlash, huquqshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yuridik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Universitetning shakllanish tarixi bir asrdan ortiq davrni qamrab oladi. Uning tarixiy ildizlari 1918-yilda tashkil etilgan Turkiston xalq universiteti tarkibidagi huquq bo‘limiga borib taqaladi. 1920–1930-yillarda yuridik ta’lim tizimi bosqichma-bosqich rivojlanib, 1938-yilda Toshkent yuridik instituti shakllantirildi. Mazkur ta’lim muassasasi mamlakat uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin egalladi.
1955-yilda Toshkent yuridik instituti O‘rta Osiyo davlat universitetining yuridik fakulteti sifatida qayta tashkil etildi. Keyingi o‘n yilliklarda fakultet mamlakatda yuridik ta’lim va huquqshunoslik fanining rivojlanishiga, sud-huquq va davlat boshqaruvi tizimlari uchun mutaxassislar tayyorlashga katta hissa qo‘shdi.
1990-yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti negizida Toshkent davlat yuridik instituti tashkil etildi. 1991-yilda esa institut mustaqil oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyatini davom ettira boshladi.
2013-yil 28-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1990-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik instituti Toshkent davlat yuridik universitetiga aylantirildi. Ushbu bosqich universitetda yuridik ta’limni modernizatsiya qilish, zamonaviy o‘qitish usullarini joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda yangi davrni boshlab berdi.
2017–2020-yillarda qabul qilingan Prezident hujjatlari asosida universitet faoliyatini takomillashtirish, yuridik ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, kredit-modul tizimini joriy etish, amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltirilgan ta’limni kuchaytirish hamda xalqaro akademik aloqalarni kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi.
2025-yil 26-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-232-son «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilinishi universitet rivojlanishining navbatdagi muhim bosqichini belgilab berdi.
Farmonga muvofiq, yuridik ta’limni amaliyot bilan uzviy bog‘lash, klinik va dual ta’limni rivojlantirish, ta’lim jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda universitet boshqaruvida akademik-kollegial yondashuvlarni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shuningdek, universitetning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish va 2030-yilga qadar QS xalqaro reytingining huquq sohasi bo‘yicha eng yaxshi 1 000 ta universiteti qatoriga kirishi strategik maqsadlardan biri sifatida belgilandi.
Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universiteti milliy yuridik ta’lim an’analarini zamonaviy xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash hamda yuqori malakali, raqobatbardosh huquqshunos kadrlar tayyorlash yo‘lida faoliyatini rivojlantirmoqda.

