--:-- · --/--/----
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Oʼzbekcha
English Русский
Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2026 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Oliy ma'lumotlilar uchun maxsus uch yillik ta'lim dasturi

Toshkent davlat yuridik universiteti — «Yurisprudensiya» ta'lim yo'nalishi (2026/2027)

Ro'yxatdan o'tish

Oliy ma'lumotga ega bo'lgan shaxslarni Toshkent davlat yuridik universitetining «Yurisprudensiya» ta'lim yo'nalishi bo'yicha maxsus uch yillik ta'lim dasturi uchun onlayn ro'yxatdan o'tkazish har yili 10-iyuldan 10-avgustga qadar (10-avgust kuni ham) Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

Test sinovlarida ishtirok etish uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 50 foizi miqdorida to'lov undiriladi. To'lovni amalga oshirmagan abituriyentlarga test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsatnoma shakllantirilmaydi.

Elektron tizimga yuklangan hujjatlarning (diplom va uning ilovasi) haqiqiyligi uchun abituriyent shaxsan javobgar hisoblanadi.

Kerakli hujjatlar

Abituriyentlar ro'yxatdan o'tishda maxsus elektron tizimga o'zining shaxsiy ma'lumotlarini kiritadi va quyidagi hujjatlarni yuklaydi:

  • oliy ma'lumot to'g'risidagi hujjatning nusxasi (yoki diplomdan ko'chirma — O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarini davlat granti asosida o'qib tugatganlar uchun);
  • oliy ma'lumot to'g'risidagi hujjat ilovasining nusxasi;
  • xorijiy tilni bilish bo'yicha belgilangan darajadagi sertifikat nusxasi (agar mavjud bo'lsa).

Bunda xorijiy davlatlar ta'lim muassasalarining 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlari belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o'tkazilgan bo'lishi lozim.

Agentlikning maxsus elektron tizimiga yuklangan hujjatlarning haqiqiyligi bo'yicha abituriyent shaxsan javobgar hisoblanadi.

Fanlar majmuasi va imtihon qoidalari

Ushbu maxsus dastur abituriyentlari umumiy qabuldan farqli o'laroq, majburiy umumta'lim fanlaridan ozod qilinadi. Test sinovlari faqat mutaxassislik fanlari va chet tili doirasida o'tkaziladi.

Abituriyentda ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, turk, xitoy, koreys, yapon, arab, fors, dariy, urdu, uyg'ur va hind tillaridan biri bo'yicha B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat mavjud bo'lsa, ushbu fandan maksimal ball beriladi. Umumiy tartibdagi kirish imtihonlarida qo'llaniladigan boshqa imtiyozlar (xorijiy til sertifikatidan tashqari) ushbu uch yillik ta'lim dasturiga tatbiq etilmaydi.

Test sinovlarini topshirish

Test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan har yili avgust-sentabr oylarida maxsus belgilangan bino va hududlarda tashkil etiladi.

Test topshiriqlari umumiy o'rta ta'limning o'quv dasturlari asosida, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga muvofiq tuziladi. Ko'zi ojiz abituriyentlarni imtihondan o'tkazish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Natijalarning e'lon qilinishi

Test sinovlari to'liq yakunlangandan keyin natijalar Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda TDYU rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

O'qishga qabul qilish va ta'lim shakllari

Abituriyentlarni o'qishga qabul qilish test imtihonlarining ballar ketma-ketligi (reytingi) hamda universitet Kengashi tomonidan belgilangan qabul kvotasi doirasida amalga oshiriladi.

Universitet o'zining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib, belgilangan parametrlardan tashqari tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt asosida ham qo'shimcha qabulni tashkil etishi mumkin.

Mavjud ta'lim shakllari: maxsus uch yillik ta'lim dasturida o'qitish kechki va masofaviy ta'lim shakllarida amalga oshiriladi.

Qabul bo'yicha murojaat boti