TDYUda “Ekologiya huquqi yosh olimlar nigohida” mavzusida talaba va yosh tadqiqotchilarning IV ilmiy konferensiyasi o‘tkazildi
Anjuman Toshkent davlat yuridik universiteti professori Shuhrat Fayziyevning “Ekologik siyosat va huquq” ilmiy maktabi rejasi asosida O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi deputatlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiyada yosh yurist-ekologlar, talabalar ekologiya qonunchiligini takomillashtirish, tabiiy resurslardan foydalanishning institutsional-huquqiy mexanizmlarini rivojlantirish, “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishning huquqiy mexanizmlarni shakllantirish, “Yashil energetika” tizimining iqtisodiy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, ekologiya sohasida davlat va jamoat nazorati samaradorligini oshirish va ekologik talablarni buzganlik uchun yuridik javobgarlikni kuchaytirish mavzularida ma’ruza qildi.
Tadbir davomida ma’ruzalarda bildirilgan taklif-mulohazalardan parlamentning qonun ijodkorlik jarayonida foydalanish hamda TDYU Ekologiya huquqi kafedrasi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Anjuman yakunida ma’ruzachilarga O‘zbekiston Ekologik partiyasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot uchun: Toshkent davlat yuridik universiteti professori Shuhrat Fayziyevning “Ekologik siyosat va huquq” ilmiy maktabida professor-o‘qituvchilar bilan birgalikda Ekologiya huquqi kafedrasi doktorant-tadqiqotchilari, yuzdan ortiq talaba ekologiya huquqining turli mavzularida tadqiqot olib boradi.
