TDYUda “Yoshlar va ekologiya” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi
Toshkent davlat yuridik universiteti Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularda tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, yoshlarning ekologik muammolarni hal etishda faolligini kuchaytirish, ekologik tashabbuslarni ilgari surish va ularni amaliy loyihalar orqali qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Moxinurxon Ergash olib bordi.
Mashg‘ulotda talabalarga ekologik qonunchilikdagi yangiliklar, deputatlarning vakolatlari hamda mahalliy darajadagi ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdagi roli haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, ekologik kazuslar asosida talabalardan jamoalar shakllantirilib, ular o‘z yechim va takliflari bilan taqdimot o‘tkazdi. Ushbu interaktiv yondashuv yoshlarda muammolarni aniqlash bilan birga, ularning samarali yechimlarini izlash ko‘nikmasini ham shakllantirdi.
Seminar-treningda ekologik barqarorlikka erishish, tabiiy resurslarni asrab-avaylash va aholida ekologik madaniyatni shakllantirishda yoshlarning o‘rni beqiyos ekani ta’kidlandi.
Trening davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
