Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul komissiyasi
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Ma'lumot
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqiy tashabbuslar va innovatsiyalar markazi huzuridagi Legal Tech laboratoriyasi

 

Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqiy tashabbuslar va innovatsiyalar markazi huzuridagi Legal Tech laboratoriyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5987-son Farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish grafigining 33-bandiga muvofiq tashkil etildi.

Ushbu laboratoriya uchun O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020 yil 27 maydagi 92-um-son buyrug‘i bilan 1 shtat birligi ajratildi. Bu vakansiyaga yosh mutaxassis I.Norov qabul qilindi.

Shuningdek, laboratoriya faoliyatini samarali tashkil etish uchun

3 - o‘quv binosi 216-A-xonasi ajratildi. Hozirda xonaning dizayni ishlab chiqildi hamda moddiy-texnik ta’minlash bo‘yicha talabnomalar shakllantirildi. Talabnomalarga muvofiq zarur anjomlar va texnik vositalarni xarid qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, Legal Tech va Foresight markazi huzuridagi “co-working” markazi dizayni ishlab chiqildi. Laboratoriya uchun stend o‘rnatildi.

Laboratoriya faoliyatini tashkil etishga doir ilg‘or xorijiy tajriba va amaliyotni o‘rganish maqsadida xorijiy mamlakatlarda chop etilgan quyidagi adabiyotlar sotib olinib, “co-working” markazida foydalanish uchun joylashtirildi:

1) “Legal Tech and the New Sharing Economy”, Marcelo Corrales Compagnucci, 2020.

2) “Legal Tech, Smart Contracts and Blokchain”, Marcelo Corrales Compagnucci, 2019.

3) “The Tech Contracts Handbook: Cloud Computing Agreements, Software Licenses, and Other IT Contracts for Lawyers and Businesspeople”, David W. Tollen, 2016.

4) “Information technology and lawyers”, Arno R. Lodder, 2006.

5) “The innovative Lawyer”, Thomas A. Decker, 2003.

Mazkur laboratoriya universitetda startap-loyihalarning inkubatsiya va akselleratsiya markazi vazifasini bajarmoqda. Mazkur laboratoriya, axborot texnologiyalari sohasi rivojlanishi va yutuqlarini, shu jumladan, axborot huquqiy texnologiyalar va tizimlarni ishlab chiqishda ishlatish mumkin bo‘lgan texnik yechimlarni doimiy kuzatib borish; axborot huquqiy texnologiyalar va tizimlarning ishlab chiqilishini ta’minlash; Universitet talabalarida axborot texnologiyalari va tizimlariga qiziqishni uyg‘otish va ularni ushbu sohaga jalb etish vazifalarini bajaradi.

Shu maqsadda, TDYU talaba, doktorant va mustaqil izlanuvchilar orasida yangi startaplar uchun “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Eng yosh olim” tanlovlari hamda “Eng yaxshi mustaqil ish”, “Eng yaxshi ijodiy yondashuv”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” va “Innovatsion ta’lim” loyihalari nominatsiyasi bo‘yicha tanlovlar tashkil etildi. Tanlovlarda 40 dan ortiq ishlar ishtirok etdi. Barcha ishlar atroflicha muhokama qilinib, har bir nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib talabalar aniqlandi.

Bundan tashqari, talabalar o‘rtasida 2020 yil uchun eng yaxshi startap loyihalari bo‘yicha onlayn tanlov tashkil etildi hamda uning yakuniy bosqichi masofaviy tarzda “ZOOM” ilovasi orqali 2020 yil 9 iyun kuni bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda umumiy qiymati qariyb 550 million so‘m bo‘lgan  “Hayotingni huquq bilan mustahkamla!”, “Transfers”, “ID on the phone”, “MyLaw”, “Onlayn yuridik maslahatlar bozori”, “Unistore.uz”, “Kazus.uz”, “Legally24.Uz” kabi “Start-up” loyihalari ishtirok etdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra 4 nafar g‘oliblar (“Hayotingni huquq bilan mustahkamla!”, “Unistore.uz”, “Onlayn yuridik maslahatlar bozori”, “Kazus.uz”) O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan e’lon qilingan, o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida 2020 yil uchun eng yaxshi 20 ta startap loyihalari tanlovida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldilar.

Bundan tashqari, yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda “Universitet 3.0” kontseptsiyasini amaliyotga tatbiq etish maqsadida universitet tomonidan 30 ta startap loyihalaridan iborat bo‘lgan portfel shakllantirildi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish maqsadida “Huquqiy shahar” veb-platformasi va mobil ilovasi yaratildi. 2020 yil 7 oktyabr kuni veb-platformaning taqdimot marosimi o‘tkazildi. Mobil ilova Google Play Market platformasiga joylashtirildi hamda yuklab olish imkoniyati yaratildi.

Legal Tech laboratoriyasi biznes-akseleratori faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Startap loyihalari portfelini doimiy boyitib borish maqsadida 2021 yilda startap loyihalarning tanlovi tashkil etilishi va o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hozirda startap loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu faoliyatga talabalarni keng jalb qilish va shu orqali startaplar portfeliga muvofiq loyiha guruhlarini shakllantirish maqsadida TDYUning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lonlar joylashtirildi. Buning natijasida 40 dan ortiq talabalardan tashkil topgan laboratoriya rezidentlari bazasi shakllantirildi.

Laboratoriya tomonidan universitetning o‘ziga xos ko‘rinishini aks ettiradigan ramzlarni yaratish jarayoniga ham hissa qo‘shildi. Shu maqsadda TDYU rasmiy logotipining yangi ko‘rinishi uchun mockup va universitet binolarining ekstereri loyihasi ishlab chiqildi.

Universitetda startap-korxonalarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ushbu korxonalar orqali ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish maqsadida “Scientific Translations” yuridik tarjimalarni amalga oshiruvchi byuro faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rildi. Shuning uchun ilmiy tarjimalarni amalga oshirish bo‘yicha loyiha doirasida “prvd.uz” veb-sahifasi yaratildi.

Laboratoriya faoliyati bilan keng jamoatchilikni doimiy xabardor qilib borish maqsadida uning logotipi ishlab chiqildi, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida kanali ishga tushirildi. Bundan tashqari, Youtube tarmog‘ida kanali ochilgan bo‘lib, unda yuridik texnologik yechimlar bo‘yicha kurslar e’lon qilib borilishi ko‘zda tutilgan.

Talabalar uchun kerakli va foydali ma’lumotlardan tashkil topgan, shuningdek Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar va axborot materiallaridan iborat “prospectus” ishlab chiqildi va dastlabki nusxalari chop etildi. Ushbu “prospectus”da shuningdek Toshkent shahrida yashash va o‘qish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar aks ettirilgan. Hozirda talabalar uchun tsulguide.uz veb-sahifasini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.