Xakimov Raxim Rasuljonovich

Xakimov Raxim Rasuljonovich

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori

Xakimov Rahim Rasuljonovich 1983-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. 2003-yilda Namangan davlat universitetini, 2005-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Yurist, yuridik fanlar doktori, professor.

Mehnat faoliyatini 2005-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti yetakchi ilmiy xodimi lavozimida boshlab, mazkur institutda bosh ilmiy xodim, guruh rahbari, bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Soliq akademiyasida o‘rindoshlik asosida dotsent sifatida faoliyat olib borgan.

2015-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan.

2015-2017-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi, 2017-yildan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining direktori (jamoatchilik asosida), 2018-yildan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish masalalari bo‘yicha “Davlat hokimiyati tizimida parlament: nazariya va amaliyot muammolari”, “Davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish”, “Konstitutsiyaviy islohotlar” nomli 3 ta monografiya, 24 ta ilmiy-amaliy qo‘llanma hamda 200 dan ortiq maqolalar chop etgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, davlat va jamiyat qurilishi tizimini, parlament faoliyatini, norma ijodkorligi jarayonini takomillashtirishga oid qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash borasida qator tashabbuslar ko‘rsatgan.

2019-yil 19-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimiga tayinlangan.

2020-yil 28-maydan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 336-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritmoqda.