Bishkek shahrida “Suv va energetika sohalarida gender va yoshlar: Markaziy Osiyoning inklyuziv kelajagini yaratish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Anjuman Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ), Potsdam iqlim o‘zgarishini tadqiq qilish instituti (PIK), Gelmgols nomidagi geofanlar markazi (GFZ), Germaniya tashqi siyosat jamiyati (DGAP), YXHTning Bishkekdagi akademiyasi, shuningdek, Markaziy Osiyo “Ayollar va suv” uyushmasi (CAAWWA) hamkorligida “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida tashkil etildi.
Suv va energiya resurslarini boshqarishda gender va yoshlarga oid inklyuziv siyosatni shakllantirishga ko‘maklashish, qarorlar qabul qilish jarayonlarida ayollar va yoshlarning teng ishtirokini ta’minlash, mintaqadagi mutaxassislar, siyosatchilar va texnik ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan anjumanda davlat idoralari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar, xususiy sektor vakillari, daryo havzasi tashkilotlari va Markaziy Osiyo kengashlari a’zolari ishtirok etdi.
Iqlim xatarlari, ijtimoiy zaiflik, gender tengligi, mintaqaning suv va energetika sohalarini rivojlantirishda ayollar va yoshlar ishtirokini kengaytirish yo‘llari muhokama qilingan xalqaro konferensiyada Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Sarbinaz Rasbergenova ham qatnashdi.
Konferensiyada ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va Markaziy Osiyoda inklyuziv barqaror siyosatni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqdi.