Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan seminar migratsiya jarayonlarini tartibga solish va uni boshqarish mexanizmlarini zamonaviy talablarga moslashtirish, xorijda vaqtinchalik mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash yo‘llari, shuningdek, chet elda ishga joylashishdan oldin xorijiy tillar va turli zarur kasblarni o‘rganish masalalariga bag‘ishlandi.
Xalqaro seminarda Xalqaro migratsiya tashkiloti Bosh qarorgohi Migratsiya siyosati departamentining xalqaro migratsiya huquqi bo‘yicha mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasining qator davlat muassasalari hamda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi professorlari Omonulla Muhamedjanov va Muattara Rahimova ishtirok etdi.
Anjumanda TDYU vakillari O‘zbekiston Respublikasi misolida migratsiyani xalqaro-huquqiy jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha o‘z tajribalarini baham ko‘rdi.