Toshkent davlat yuridik universiteti Tojikistonda o‘z fakultetini ochdi

chorshanba 28 oktabr 2020

Shu munosabat bilan Zoom platformasi orkali onlayn tarzda o‘tkazilgan marosimda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Raximjon Xakimov, universitet mas’ul xodimlari hamda Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti rektori Mumin Sharifzoda va boshqa mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur fakultet Toshkent davlat yuridik universitetining xorijdagi birinchi fakulteti hisoblanadi. Uni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilanganidek, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi «xab»ga aylantirish, mamlakatimizga xorijiy talabalar va investitsiyalarni jalb etish, Toshkent davlat yuridik universitetini xalqaro reytinglarga kirishini ta’minlashdan iboratdir.

Qo‘shma fakultetda Tojikiston Respublikasi fuqarolari bilan bir qatorda boshqa xorijiy mamlakatlarnig fuqarolari ham o‘qishi mumkin. O‘qish xalqaro standartlarga muvofiq ingliz va rus tillarida olib boriladi.

Kadrlar tayyorlash “bakalavriat” bosqichida “3+1” va “magistratura” mutaxassisliklarida “1+1” ikki tomonlama diplom dastur doirasida amalga oshiriladi. Talabalar ushbu fakultetni tamomlaganidan so‘ng Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti diplomlarini qo‘lga kiritishadi. 

Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti Xo‘jand shaxrida joylashgan bo‘lib, 6 ta fakultet, 3 ta o‘kuv korpusi va 11 ta o‘quv laboratoriyalarini o‘z ichiga oladi. Universitetda 388 nafar professor-o‘qituvchilar, jumladan, 148 nafar fan nomzodlari va doktorlari faoliyat yuritadi.

Tadbir so‘ngida Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti o‘rtasida xorijiy fakultetni tashkil etish bo‘yicha shartnoma va fakultet nizomi imzolandi hamda ikki universitet o‘rtasida hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha kelishib olindi.