Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining bitiruvchilarga tabrigi

juma 17 iyul 2020

Aziz bitiruvchilar!

Siz bugun mamlakatimizdagi eng nufuzli oliy o'quv yurtlaridan biri bo'lmish Toshkent davlat yuridik universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, katta hayot ostonasiga qadam qo'ymoqdasiz.

Ishonamanki, o'tgan o'qish yillari Siz aynan shu dargohni tanlab xato qilmaganingizni amalda isbotladi.

Zero, shu vaqt mobaynida universitet jamoasi Sizni o'z kasbiga sadoqatli va halol mutaxassis sifatida tarbiyalashga, tanlagan yo'nalishingiz bo'yicha chuqur bilim, malaka va zarur ko'nikmalarni berishga, yuksak ma'naviy-axloqiy sifatlarni yosh qalbingizga singdirishga astoydil harakat qildi.

Hurmatli bakalavr va magistrlar!

Garchi o'qish davri imtihonlari ortda qolgan bo'lsa-da, endi Sizni ulardan o'n chandon jiddiyroq, murakkabroq hayot sinovlari kutmoqda.

Bu sinovlarda kimning aslida kimligi ma'lum bo'ladi, mutaxassisning odamiylik, shaxs sifatidagi salohiyati ham o'zini namoyon etadi.

Umid qilamanki, universitetda o'zlashtirgan bilim va ko'nikmalaringiz, insoniy fazilatlaringiz, yoshlik azmu-shijoatingiz bu sinovlardan ham munosib o'tishingizda mustahkam tayanch bo'ladi.

Ortingizda qolgan ustozlaringiz va universitetingiz esa Sizlarning har biringiz bilan haqli ravishda faxrlanajak! 

Aziz yoshlar, guvohi bo'lmoqdasizki, muhtaram Prezidentimiz boshchiligidagi Yangi O'zbekiston erkin va farovon hayot, zamonaviy taraqqiyot, xalqning intellektual yuksalishi sari bormoqda.

Bu marralarga esa osonlik bilan erishib bo'lmaydi.

Millat va mamlakat intilayotgan yo'lga to'g'anoq bo'ladigan korrupsiya, byurokratiya, jinoyatchilik, fuqarolar huquq va erkinliklarini buzish singari illatlarning bartaraf qilinishida ona xalqimiz avvalo Sizlarga – huquqshunos mutaxassislarga ishonadi, ko'z tikadi. Bu yuksak ishonchga munosib bo'lish Sizdan nafaqat bilim va professional malakani, balki, vijdoniy poklikni, halollikni, insof va diyonatni, adolatli fikrlash hamda ishlashni talab qiladi.

Shunday ekan, Sizlarning kelgusidagi faoliyatingiz bosh mezoni – insonni, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, adolat hamda qonun ustuvorligini oliy qadriyat sifatida hayotning barcha jabhalariga joriy etish bo'lishi lozim.

Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimizning xalqni rozi qilish g'oyasi hayotiy dasturilamalingiz bo'lsin!

Bilim olishdan, izlanishdan va insoniy kamolotdan bir zum bo'lsin to'xtamang. O'z sohangizda yangilik va innovatsiyalar yaratishdan cho'chimang. Sizlarga ta'lim va tarbiya bergan ustozlaringizni, ularning saboqlarini, yoshlikning oltin davrini Siz bilan birga o'tkazgan kursdoshlaringizni doimo yodda saqlang, ular bilan muloqotni kanda qilmang.

Universitetingiz bag'ri bundan keyin ham Siz uchun doimo ochiq bo'lishini unutmang.

Mustaqil, umid va buyuk maqsadlarga boy hayotingizda omadlar, mas'uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman!

Hurmat bilan, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, yuridik fanlari doktori, Raximjon Xakimov.