TDYU NUFUZLI XALQARO ASSOTSIATSIYALAR A’ZOLIGIGA QABUL QILINDI

juma 12 iyun 2020

Xalqaro yuridik oliygohlar va ularning assotsiatsiyalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mamlakatimizda oliy yuridik ta’lim sifatini ta’minlashning muhim omillaridan hisoblanadi. Shu ma’noda, Davlatimiz rahbarining joriy yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5987-son Farmoni bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga milliy yuridik ta’lim va fanni xalqaro darajaga olib chiqish, ularning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.

Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash doirasida ko‘rilgan dastlabki chora-tadbirlar natijasida kuni-kecha Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi (International Association of Universities – IAU), Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi (International Association of Law Schools – IALS) va Yevropa huquq fakultetlari assotsiatsiyasi (European Law Faculties Association – ELFA) to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi.

Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi jahondagi universitetlarni birlashtiruvchi va ularning manfaatlarini ifodalovchi yetakchi xalqaro tashkilot hisoblanadi. Ushbu assotsiatsiyaga dunyoning 130 mamlakatidagi 650 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari a’zo bo‘lgan. YuNESKOning rasmiy hamkori hisoblanadigan ushbu assotsiatsiya o‘z a’zolari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish hamda ta’lim jarayonida yangi bilimlar va innovatsiyalarni qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratadi. Ta’kidlash joizki, Toshkent davlat yuridik universiteti mamlakatimizdagi oliygohlar orasida ushbu tashkilot a’zoligiga qabul qilingan yagona universitetdir. 

Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi dunyoning 55 mamlakatidan 155 dan ortiq yuridik oliygohlar va huquq maktablarini o‘zida jamlagan tashkilot hisoblanadi. Assotsiatsiyaning bosh vazifasi dunyoda yuridik maktablar faoliyatini takomillashtirish va yuridik ta’lim tizimini yaxshilashdan iborat. Tashkilot jahon bo‘ylab, 4 500 dan ortiq huquq sohasida faoliyat yurituvchi pedagoglarning manfaatlarini himoya qiladi. 

IALS a’zolarining yig‘ilishlarida yuridik ta’limning global miqyosdagi maqsadlari va strategiyasi belgilab olinadi. Global forum doirasida yuridik oliy ta’lim muassasalari va fakultetlar rahbarlari tomonidan o‘zaro fikr va tajriba almashiladi.

Yevropa yuridik fakultetlar assotsiatsiyasi 150 dan ortiq a’zolarga ega bo‘lgan Yevropada yuridik ta’lim sifatini oshirish maqsadida muhokama va almashinuv maydonchasini taqdim etish uchun tashkil etilgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Assotsiatsiyaning asosiy faoliyati yuridik ta’limni isloh qilish jarayonini muvofiqlashtirish, yangi standartarni ishlab chiqish, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, huquqshunoslar uchun ish beruvchi hisoblangan tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

Ushbu assotsiatsiyalarga a’zolik Toshkent davlat yuridik universitetida yuridik ta’lim va fanni xalqaro darajaga olib chiqish, jahonning ilg‘or tajribalarini qo‘llash, Yevropa kredit tizimini (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) samarali joriy etish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish imkonini yaratadi, shuningdek universitetni dunyoning eng yaxshi universitetlar xalqaro reytingiga kirishiga xizmat qiladi.