Qo‘shma ta’lim dasturi

seshanba 20 oktabr 2020
Qo‘shma ta’lim dasturi talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlandi

Joriy yildan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti va Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi.

Dasturda ishtirok etish uchun hujjat topshirganlar orasidan 37 nafar yigit-qiz Grodno davlat universiteti qabul qomissiyasi suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalik baxtiga erishdi.

Tadbirda ikki oliy ta’lim muassasasining rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida, TDYU rektori Rahimjon Hakimov hamda  Grodno davlat universiteti rektori Irina Kiturko so‘z olib, barcha talabalarni yangi o‘quv yili boshlanishi hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ikkita universitetlarning talabalari safiga ko‘shilgani bilan qutladi.

ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan uchrashuvda talabalar onlayn formatda Grodno davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, mutasaddilar tomonidan qo‘shma ta’lim dasturining mazmun-mohiyati, maqsad-vazifalari, ta’lim olish jarayonida yaratilgan imkoniyatlar, tartib-qoidalar haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda so‘z olganlar ushbu qo‘shma dasturdan umid juda ham katta ekanini ta’kidlab, uning doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kelajakda o‘zining samarasini berishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, qo‘shma ta’lim dastur talablariga muvofiq, talabalar o‘qishning birinchi va ikkinchi bosqichlarni Grodno davlat universitetida o‘qiydi

Ammo, hozirgi pandemiya sharoitida joriy etilgan karantin qoidalariga ko‘ra, ushbu ta’lim dasturi talabalari birinchi kursning birinchi semestrini vaqtincha masofaviy shaklda onlayn o‘qishi belgilangan.

Yakunda talabalar va ularning ota-onalari qo‘shma ta’lim dasturi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.