Qo‘shma ta‘lim dasturi

juma 16 oktabr 2020
TDYU va QOZGYU o‘rtasidagi qo‘shma ta‘lim dasturi talabalari uchun o‘qish boshlandi

2020 – 2021-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti va Qozog‘iston Respublikasining M.S.Narikbayev nomidagi QOZGYU o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilda dasturda ishtirok etish uchun hujjat topshirgan 500 nafar abituriyentdan 110 nafari QOZGYU qabul komissiyasi suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalar safiga qabul qilindi.

Bugun ushbu qo‘shma ta’lim dasturi talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Tadbirda ikki oliy ta’lim muassasalarining rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

ZOOM platformasi orqali bo‘lib o‘tgan marosimda TDYU rektori Rahimjon Hakimov hamda QOZGYU boshqaruv raisi Talgat Narikbayev so‘z olib, barcha talabalarni malakali yuridik kadrlar tayyorlashda Markaziy Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ikki universitetning talabalari safiga qo‘shilgani bilan tabriklab, ularga kelgusi o‘qish va ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Tadbirda so‘z olganlar, qo‘shma ta’lim dasturining ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdagi o‘rni xususida to‘xtalib, ushbu loyiha malakali mutaxassislarni tayyorlashni yanada yuqori pog‘onaga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Marosimda talabalar onlayn formatda QOZGYU faoliyati, Buddy tizimi, qo‘shma ta’lim dasturining maqsad-vazifalari, mazmun-mohiyati, tartib-qoidalari bilan tanishtirildi.

Ta’kidlanganidek, qo‘shma ta’lim dasturi talablariga muvofiq, talabalar o‘qishning birinchi va ikkinchi bosqishini QOZGYUda o‘qiydi. Shuni hisobga olgan holda talabalarga o‘qishdan tashqari vaqtini unumli o‘tkazishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, logistik masalalar haqida ma’lumot berildi.

Yakunda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob oldi.