Press-reliz

payshanba 29 oktabr 2020

Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati sharoitida respublika va xalqaro huquqiy ilmiy jurnallar nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jurnallar jamoatchilikning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ham amaliy ahamiyatga ega.

Bugun Toshkent davlat yuridik universitetining Ilmiy boshqarmasi tomonidan yaqinda 1-soni nashr etilgan “TSUL Legal Report” elektron xalqaro ilmiy jurnalining taqdimoti o‘tkazildi.

“TSUL Legal Report” – huquqshunoslik sohasida ingliz tilida chop etiladigan yangi va innovatsion turdagi elektron xalqaro ilmiy jurnal bo‘lib, bunda yosh olimlarning ingliz tilidagi ilmiy maqolalari chop etilib boriladi.

Taqdimotda Jamoatchilik va OAV vakillari, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari, xodimlari, mustaqil izlanuvchilari, doktorantlar va talabalari ishtirok etdi.

Ushbu jurnal taqdimoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5987-son, 2019 yil 8 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF–5847-son hamda 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–5618-son farmonlari ijrosiga qaratilgan.

Mazkur jurnalning ta’sis etilishidan asosiy maqsad universitet yosh olimlar Kengashining tashabbusi bilan huquq sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlar, ya’ni 35 yoshgacha bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, bakalavriat va magistratura talabalarining chet tillaridagi ilmiy maqolalarini muntazam yoritib borish hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan tashkil qilingan DigitalCommons Uzbekistan O‘zbekiston ilmiy jurnallari elektron platformasiga kiritish ham jurnalning maqsadlardan hisoblanadi. Ushbu platformaga O‘zbekistonning 41 ta ilmiy jurnallari kiritilgan bo‘lib, ular qisqa muddat ichida Scopus ma’lumotlar bazasiga kiritilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun Toshkent davlat yuridik universiteti ta’sischiligidagi “Review of law science” ilmiy jurnali DigitalCommons Uzbekistan O‘zbekiston ilmiy jurnallari elektron platformasiga kiritilgan bo‘lib, “TSUL Legal Report ”va “Review of law science” ilmiy jurnallaridan tashqari universitet muassisligida “O‘zbekiston qonunchiligi tahlili”hamda “Yuridik fanlar axborotnomasi” ilmiy jurnallarining faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Jurnal RINS, CYBERLENINKA kabi nufuzli ilmiy ma’lumotlar bazalariga kiritilgan hamda xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi.

Jurnaldan kutilayotgan natija Web of Science va Scopus kabi xalqaro ma’lumotlar bazalari ro‘yxatiga kiritish.

Taqdimot so‘ngida tadbir ishtirokchilar tomonidan “TSUL Legal Report” elektron xalqaro ilmiy jurnaling navbatdagi sonlarini yanada takomillashtirish, ruknlarning rang-barangligini kengaytirish bo‘yicha fikr-mulohazalar,taklif va tavsiyalar bildirildi.