Matbuot anjumani

shanba 13 may 2017
TDYU va ommaviy axborot vositalari: hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari

2017-yil 12-may kuni Toshkent davlat yuridik universitetida “Toshkent davlat yuridik universiteti va ommaviy axborot vositalari: hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur matbuot anjumanida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining axborotnomasi”, “Huquq va burch”, “Fuqarolik jamiyati”, “Demokratlashtirish va inson huquqlari”, “Xalqaro munosabatlar”, “Advokat” huquqiy jurnallari hamda “Xalq so‘zi”, “Inson va qonun”, “Kuch – adolatda” gazetalari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida muhokama qilingan eng muhim masalalardan biri – bu yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish masalasi bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28- apreldagi PQ–2932-son “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori yuridik ta’lim sohasida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjat ekanligi e’tirof etildi.

Mazkur qarorda milliy yuridik kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq tubdan isloh qilish nazarda tutilib, tayanch oily o‘quv yurti bo‘lgan Toshkent davlat yuridik universitetini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Mazkur yo‘nalishlar doirasida birinchi navbatda universitet professor-o‘qituvchilari malakasi, pedagogik mahorati, huquqiy vа siyosiy madaniyatiga bo‘lgan talab yanada kuchaytirildi.

Shuningdek, ushbu qarorga asosan Toshkent davlat yuridik universitetiga bitiruvchilarga nisbatan malakaviy talablar, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari kabi o‘quv-me’yoriy hujjatlarni amaliyotdan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda ishlab chiqish va tasdiqlash huquqi ham berildi.

Bugungi kunda yuridik kadrlar tayyorlash tizimida olib borilayotgan mazkur islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasida aynan huquqiy nashrlarning o‘rni nihoyatda katta ekanligi anjuman ishtirokchilari tomonidan alohida ta’kidlandi va aynan ana shu yo‘nalishda samarali hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Anjuman yakunida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarni keng yoritishda faol bo‘lgan huquqiy nashrlarni faxriy yorliq bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.