Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma`naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai

seshanba 23 may 2017
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi F-4789-sonli farmoyishi ijrosi yuzasidan kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ`ib qilishga qaratilgan tadbir

2017- yil 22-may kuni soat 14-00 Axborot-resurs markazi o`quv zalida «Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma`naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai » mavzusida davra suhbati bo`lib o`tdi.

2017 yilning 12 yanvar` kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ibot qilish bo`yicha komissiya tuzish to`g`risida” farmoyishi qabul qilingan edi. Ushbu farmoyishda “hududlarda yozuvchi-shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalarini tashkil etish, aholi o`rtasida badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targ`ib qilish, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kutubxonachi va targ`ibotchilar orasida ko`plab uchrashuvlar o`tkazish” ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Aynan shu maqsadda biz ham davra suhbatini o`tkazdik.

Tadbirni Toshkent davlat yuridik universiteti ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha prorektori D. M.Umarov kirish so`zi bilan ochib berdi va barcha tashrif buyurgan mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. Mehmonlardan O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi a`zosi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Isojon Sulton, O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi a`zosi, shoir, «Teatr» jurnali muharriri A. Turdiyev taklif qilindilar. Тadbir ochiq munozara va savol-javoblar tarzida tashkil etilib, yoshlarning ma`naviy tarbiyasida, ularni barkamol inson etib tarbiyalashda, ularda kitob mutolaasiga qiziqish uyg`otish kabi fikrlar bildirildi.

Bugun mamlakatimizda intellektual jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash borasida ko`plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Farmoyishning ibratli jihati shundan iboratki, unda kitob mahsulotlarini nashr etish, tarqatish, kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyatining bugungi kundagi holati, mavjud kamchilik, xatolar ochib berilgan. Kitob o`qish barchamizning ma`naviy olamimizni boyitadi, so`zlashuv madaniyatimizni oshiradi. Bizning o`zbek tilimiz dunyodagi eng boy tillar qatoriga kiradi. A.S. Pushkin butun ijodi davomida jami 21197 ta so`z qo`llagan bo`lsa, Shekspir asarlari tilida jami 20 mingdan ortiq so`z qo`llanilgan. Ispan olimlari Servantesning ijodida 18 ming so`z qo`llanilagani haqida ma`lumot berganlar. Alisher Navoiy asarlarida qo`llanilgan so`zlar soni esa 26000dan ortiq ekan. Ana shuncha milliy boyligimizni avaylab-asrash uchun ham kitob o`qish lozim. Kitobxonlik madaniyatini oshirish davr talabi.