Intellektual avlod asri

yakshanba 26 fevral 2017

2017 yil 24 fevral kuni  Toshkent davlat yuridik universitetida «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostida «Uch avlod uchrashuvi» deb nomlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.  Ilmiy-amaliy konferensiyada respublika miqyosidagi nufuzli olimlar, soha mutaxassislari, yosh olimlar, izlanuvchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdilar.

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Y.Kanyazov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi S.G‘ulomov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, ta'lim tizimini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilganini ta'kidladi. Bugungi kunda bu boradagi ishlar yanada izchil davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 30 dekabrda mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvida qo‘yilgan vazifalar hamda joriy yilning 14 yanvaridagi mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida belgilangan vazifa va topshiriqlar soha xodimlari zimmasiga ham ulkan mas'uliyat yuklaydi.  Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya fan va texnologiyalar modernizatsiyasi borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, texnika va texnologiya yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish, yosh olimlarning innovatsion g‘oya va ishlanmalarini amaliyotga tatbiq qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.