Tanlov

seshanba 12 noyabr 2019

TDYU Jinoyat-protsessual huquqi va kriminalistika kafedrasi tomonidan 3-dekanati va Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi bilan hamkorlikda 3-bosqich talabalari uchun Jinoyat ishlari boyicha namunaviy sud protsessi tanlovi e’lon qilindi. Ushbu tanlovda 3-bosqich talabalari o‘z guruhi bilan ishtirok etishi mumkin. Ishtirok etmoqchi bo‘lgan guruhlar guruh sardori va 3-kurs dekani tomonidan imzolangan hamda 3-kurs dekanati muhri tushirilgan ishtirok etish haqidagi arizani 2019-yilning 18 noyabri 17:00gacha qog‘oz shaklida Jinoyat-protsessual huquqi va kriminalistika kafedrasiga (ma’sullar: X.Mamatkulova, U.Raximova va B.Xudaybergenov) yoki elektron shaklda (PDF) @bax555 telegramm akkauntiga taqdim qilishi lozim. Qog‘oz shaklidagi arizaga, shuningdek, elektron shakldagi arizaga ham jamoa ishtirokchilar ro‘yxati ilova qilinadi.

Tanlov ikki shart asosida baholanadi:

1. Guruh tomonidan tayyorlanadigan sud protsessi bo‘yicha protsessual hujjatlar to‘plami. Hujjatlar to‘plamida kamida quyidagilar bo‘lishi shart:

- ishning qisqa mazmuni (fabulasi);

- jinoyat ishini sudda ko‘rishga tayinlash to‘g‘risidagi qaror;

- sud majlisi bayonnomasi;

- hukm.

2. Sud protsessi aks ettirilgan videoyozuv.

Hujjatlar to‘plami va sud protsessi aks etgan videoyozuv 2019 yilning 19 noyabridan 30 noyabr soat 17:00 gacha Jinoyat-protsessual huquqi va kriminalistika kafedrasida qabul qilinadi (ma’sullar: X.Mamatkulova, U.Raximova va B.Xudaybergenov). Kechikib topshirilgan ishlar ko‘rib chiqilmaydi.

Tanlovni baholash jarayoni.

Tanlovni baholash jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda guruhlar tomonidan tayyorlangan hujjatlar to‘plami ko‘rib chiqiladi va baholanadi. Eng yuqori ball olgan 5 ta jamoa ikkinchi bosqichga o‘tgan hisoblanadi va o‘sha 5 ta jamoaning sud protsessi aks etgan videoyozuvlari hakamlar hay’ati tomonidan baholananib, 1-, 2- va 3-o‘rinlar aniqlanadi. Baholash tartibi va tanlov shartlari bilan Tanlov nizomida batafsil tanishishingiz mumkin.

G‘oliblar universitet tomonidan quyidagicha mukofotlanadi:

1-o‘rinni egallagan guruh faxriy yorliq, eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida pul mukofoti bilan;

2-o‘rinni egallagan guruh faxriy yorliq, eng kam oylik ish haqining 8 baravari miqdorida pul mukofoti bilan;

3-o‘rinni egallagan guruh faxriy yorliq, eng kam oylik ish haqining 6 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Savollar yuzasidan @bax555 telegram akkauntiga murojaat qilishingiz mumkin.