Universitetda ta'lim

Xorijiy fuqarolarning Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) da ta'lim olishi “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (Vazirlar Mahkamasining 169-son Qarori bilan tasdiqlangan) asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolarni TDYUga o‘qishga qabul qilish:

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan belgilangan tartibda dastlabki ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkaziladigan jamoaviy va shaxsiy shartnomalar hamda kontraktlar (shu jumladan, kelish maqsadlaridan qat'i nazar respublikaga haqiqiy vizalar bo‘yicha kelgan xorijiy fuqarolar bilan tuzilgan) asosida amalga oshiriladi. 

Xorijiy fuqarolar universitetga to‘lov-kontrakt asosida hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda qabul qilinadi. TDYUda to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymati O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va ta'lim muassasalariga ega bo‘lgan boshqa vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining taklifi asosida O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.Universitetga umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi ma'lumotiga muvofiq bo‘lgan ma'lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin. Xorijiy fuqarolar oliy o‘quv yurtlariga kirish test sinovlari natijalariga ko‘ra qabul qilinadi. Xorijiy fuqarolarning test sinovi topshirishi uchun ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan beriladi.

Xorijiy fuqarolar o‘qishga kirish uchun universitetga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  1. o‘qishga qabul qilish haqida ariza;
  2. o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma'lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari va notarial tasdiqlangan nusxalari;
  3. sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
  4. milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
  5. 4 x 6 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.

Hujjatlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnomaga muvofiq belgilanadi.

Xorijiy talabalar quyidagi huquqlarga ega:

kafedralarning ilmiy-tadqiqot ishlarida, talabalarning ilmiy jamiyatlari va to‘garaklarida qatnashish;

TDYUning kutubxonasi, sport kompleksidan foydalanish;

dam olishning uyushtirilgan turlarida qatnashish.

Xorijiy talabalar quyidagilarga majbur:

TDYU odob-axloq qoidalariga rioya qilish;

intizomga rioya qilish, mashg‘ulotlarda qatnashish, o‘quv rejalari va dasturlarida nazarda tutilgan o‘quv va ishlab chiqarish ishlarining barcha turlarini bajarish, imtihon va sinovlarni belgilangan muddatlarda topshirish;

TDYUning va talabalar turar joyining ichki tartib-qoidalarini bajarish

TDYU rahbarining ko‘rsatma va farmoyishlarini bajarish.

TDYUda o‘quv yili 2-sentabrdan boshlanadi. Ta'tillarning boshlanish va tugash vaqti, ularning davom etish muddati TDYUning o‘quv rejalariga muvofiq belgilanadi.

TDYUga o‘qishga kirish istagini bildirgan xorijiy fuqarolar “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan tanishtirilishi va ular Nizom talablarini bajarishi to‘g‘risida o‘z majburiyatlarini yozma ravishda tasdiqlashi kerak.