Bitiruvchilar klubi

Universitet bitiruvchilari

Universitet boy tarixga ega bo‘lib, uning bitiruvchilari mamlakat taraqqiyotida, sud-huquq tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi islohotlarni amalga oshirishda muhim o‘ringa ega. Universitet ushbu yuqori maqomga faqatgina 2013 yilda erishganiga qaramasdan, u nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo, MDH miqyosida mashhur va katta obro‘ga ega bo‘lgan oliygohlardan biri – Toshkent davlat yuridik instituti huquqiy vorisi hisoblanadi.

Oliygohimiz bitiruvchilari doimo davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida muhim va mas’uliyatli lavozimlarni egallab kelishgan va kelishmoqda. Xususan, oliygohning eng mashhur bitiruvchilaridan biri sifatida ulkan obro‘ga ega huquqshunos olim, akademik, zamonaviy O‘zbekistonning davlat arbobi bo‘lgan shaxsni - Akmal Xolmatovich Saidovni keltirish mumkin. A.Saidov yuridik fanlar doktori, professordir. O‘z hayotining turli yillarida u bir nechta davlat idoralarida muhim lavozimlarda faoliyat yuritgan. Shu jumladan, u O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi va O‘zbekistonning YuNESKO da doimiy vakili kabi sharafli vazifalarni ado etgan.

1996 yil oktabr oyidan beri Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib, O‘zbekistonning manfaatlarini jahon arenasida munosib himoya qilib kelmoqda.

Turli yillarda bizning oliygohda oliy yuridik ma’lumot olgan bir qator bitiruvchilar Prezident Administratsiyasida, Oliy Majlis palatalarida, Vazirlar Mahkamasida, prokuratura organlarida va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda o‘zining kasbiy faoliyatini yuritmoqda. Xususan shuni eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov, yu.f.d. I.Astanov (Bosh prokuratura Akademiyami Ilmiy kenshashi ilmiy kotibi), yu.f.n. S.Raxmonova (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i) va boshqalarni misol sifatida aytib o‘tish mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Nodirjon Jo‘raevni (2006 yilda TDYuI magistraturasini bitirgan), bundan tashqari Adliya vazirligida ham yuqori lavozimlarni egallab turgan bizning oliygohni bitirgan vakillarimiz anchagina. Adliya vaziri birinchi o‘rinbosari Maxmud Istamovni (2000 yilda TDYuIni bitirgan), Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Melievni, Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Rabievni, Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Madaminovni, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini xalqaro va xorijiy tashkilotlarda huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i, yu.f.d. Islambek Rustambekov va boshqalarni aytish mumkin.

Universitet bitiruvchilari o‘z faoliyatlarini nufuzli xalqaro tashkilotlarda ham amalga oshirmoqdalar. Masalan, 2004 yilda TDYuI ni tugatgan T. Shakirov Xalqaro huquqshunoslar komissiyasining (Yevropa va MDH bo‘yicha XHK dasturi) katta huquqiy maslahatchisi bo‘lib ishlaydi.